Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ortidagi 1,3 gektar hududda tartibli avtoturargoh tashkil etish va jamoat makonini obodonlashtirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.

Loyiha davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Uning majburiy shartlaridan biri hududdagi mavjud daraxtlar va piyodalar uchun ajratilgan maydonlarni saqlab qolish hisoblanadi.

Avtoturargohni tashkil etish uchun daraxtlarni kesish ko‘zda tutilmagan. Aksincha, loyiha doirasida 1 ming tupdan ortiq daraxt va butalar ekilishi rejalashtirilgan. Hududda kapital qurilish ishlari ham amalga oshirilmaydi.

Loyihada piyodalar va velosiped yo‘laklari, dam olish hududlari, bolalar va vorkaut maydonchalari, yengil konstruksiyali sport obyektlari hamda sanitariya xonalarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, videokuzatuv tizimi, bo‘sh avtoturargoh joylari haqida ma‘lumot beruvchi elektron tablolar va zamonaviy to‘lov tizimi o‘rnatiladi. Bundan tashqari, 720 metr uzunlikdagi yangi piyodalar yo‘lagi barpo etilishi rejalashtirilgan.

Yer uchastkasini elektron auksionga chiqarish rejalashtirilmoqda. Obyektdan 10 yil foydalanish huquqini oladigan xususiy sherik investitsiya majburiyatlarini bajarishi hamda hududni saqlash, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirishni ta‘minlashi kerak.

Avtoturargoh xizmatidan tushadigan mablag‘larning 20%i shahar budjetiga yo‘naltiriladi.

avtoturargoh, dxsh, milliy kutubxona, toshkent

Markazning qayd etishicha, loyihadan maqsad shahar markazidagi avtomobillar sonini ko‘paytirish emas, balki mavjud transport oqimini tartibga solish hamda jamoat hududlarini tartibsiz avtoturargohlardan xoli qilishdir.

Maxsus va tezkor xizmat transport vositalarining hududga kirishi bepul bo‘ladi. Shuningdek, hokimlik talabi bilan avtoturargoh hududi yiliga jami 60 kungacha bayramlar, festivallar va boshqa ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun taqdim etilishi mumkin.

Spot, avvalroq, Toshkentdagi Qichqiriq mahallasida O‘zbekistondagi birinchi minorali avtoturargoh barpo etilgani haqida yozgandi.