Avvalroq Milliy kutubxona ortidagi 1,3 gektar maydon avtoturargoh tashkil etish uchun auksionga chiqarilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Urbanizatsiya va uy-joy bozori milliy qo‘mitasi ushbu holat bo‘yicha munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, shahar markazidagi mavjud yashil hududlarni kamaytirish, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun mo‘ljallangan jamoat joylarida konstruktiv qurilishlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq emas.

Qo‘mita avtoturargohlarni tashkil etishda ko‘kalamzor maydonlarning qisqarishi hamda piyodalar uchun yaratilgan sharoitlarning yomonlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligini ta‘kidladi.

Bundan tashqari, qo‘mita “Navro‘z” bog‘iga tegishli ko‘chmas mulk obyektlaridan birining yer maydoni sotuvga chiqarilgani haqidagi xabarlarga ham munosabat bildirdi.

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-fevraldagi 83-son qaroriga muvofiq, Yunusobod tumani Matonat mahallasidagi 1,6 gektar hududda jamoat parki tashkil etish nazarda tutilgan. Qo‘mita mazkur hududda hukumat qaroriga muvofiq jamoat parki barpo etilishi zarurligini qayd etdi.

“Milliy qo‘mita Toshkent shahridagi mavjud yashil hududlarni qisqarishini oldini olish, jamoat parki uchun belgilangan hududni saqlab qolish, undan faqat belgilangan maqsadlarda foydalanish va aholi manfaatlarini ta‘minlash shart, deb hisoblaydi”, — deyiladi munosabatda.

Avtoturargoh loyihasi shartlariga ko‘ra, Milliy kutubxona ortidagi hududda mavjud daraxtlar va piyodalar uchun ajratilgan maydonlar saqlab qolinishi ko‘zda tutilgan.

Spot, avvalroq, O‘zbekistondagi har bir mahalla uchun “yashil xarita” ishlab chiqilishi haqida yozgandi.