AQSH Markaziy Osiyo davlatlarining kiberxavfsizligi va raqamli sektorini qo‘llab-quvvatlash uchun $5 mln xorijiy yordam ajratdi.
Bu haqda AQSH Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo masalalari bo‘yicha yordamchisining o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mark Kemeron Astanadagi C5+1 SI konferensiyasida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mablag‘lar Amerika fuqarolik tadqiqotlari va rivojlanish jamg‘armasi (CRDF Global) orqali ajratiladi.
Mablag‘lar kibergigiyenani yaxshilash, kiberhodisalarga javob berish tizimini takomillashtirish, muhim infratuzilmani himoya qilish, moliya sektori xavfsizligini mustahkamlash va kiberxavfsizlik siyosatini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.
Shuningdek, mintaqadagi startaplar grantlar orqali moliyalashtirilishi, jumladan, sun’iy intellekt tizimlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan. Kemeronning ta’kidlashicha, bu sohada xususiy kompaniyalar muhim rol o‘ynaydi.
Avvalroq AQSH davlat kotibi Marko Rubio oktabr oyi o‘rtalarida O‘zbekistonga tashrif buyurishi haqida xabar berilgandi.
Rubio Samarqandga keladigan 100 dan ortiq Amerika kompaniyalari vakillaridan iborat biznes delegatsiyasiga boshchilik qiladi.
Tashrif davomida u O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston tashqi ishlar vazirlari ishtirokidagi C5+1 formatidagi uchrashuvda qatnashadi.