Qoraqalpog‘istonda yakka tartibdagi tadbirkorga asossiz yuklatilgan soliq bekor qilindi. Bu haqda Biznes-ombudsman xabar berdi.

Tadbirkor T.S. qat‘iy belgilangan soliq turidan QQS to‘lovchisiga o‘tkazilganidan norozi bo‘lib, Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan.

Aniqlanishicha, soliq organi tadbirkorning faoliyat yuritgan davridagi 216,4 mln so‘mlik tovar aylanmasini 365 kunga bo‘lib, ro‘yxatdan o‘tgan sanadan kalendar yil oxirigacha bo‘lgan kunlar soniga ko‘paytirgan. Natijada hisoblangan summa belgilangan chegaradan oshib, tadbirkor 2026-yil 1-yanvardan QQS to‘lovchisiga o‘tkazilgan.

Biznes-ombudsman o‘rganishida tadbirkor davlat ro‘yxatidan o‘tganidan keyin atigi 43 kun faoliyat yuritgani, bu davrdagi 216,4 mln so‘mlik tovar aylanmasi esa o‘sha paytda belgilangan 1 mlrd so‘mlik chegaradan oshmagani aniqlangan.

Shundan so‘ng Biznes-ombudsman tadbirkor manfaatida Nukus tumanlararo ma‘muriy sudiga ariza kiritgan. Sud arizani qanoatlantirdi.

Natijada tadbirkorga asossiz yuklatilgan soliq bekor qilinib, faoliyatiga mos ravishda soliq hisoblanishi belgilandi.

Spot avvalroq Biznes-ombudsman aralashuvidan so‘ng 6,75 mlrd so‘mlik xato chekni tuzatishga ruxsat berilgani haqida yozgandi.