Migratsiya agentligi direktori Muhsinxo‘ja Abdurahmonov Belarusning O‘zbekistondagi elchisi Aleksandr Ogorodnikov bilan uchrashdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda o‘zbekistonliklarni Belarusga, xususan, Vitebsk viloyatiga uyushgan holda ishga joylashtirish masalalari muhokama qilindi.
Vitebsk viloyatidagi ish beruvchilar 800 ga yaqin xodimga ehtiyoj bildirgan. Hozirga qadar Andijon viloyatidan taqdim etilgan nomzodlarning hujjatlari tekshirilib, 204 kishilik ro‘yxat shakllantirilgan. Tanlovga boshqa hududlardan ham nomzodlar jalb etiladi.
Bo‘sh ish o‘rinlari chorvachilik, traktorchilik, haydovchilik va yordamchi ishlar yo‘nalishlarida taklif qilinmoqda. Nomzodlarning hujjatlari va kasbiy ko‘nikmalari dastlabki bosqichda tekshirilib, yakuniy tanlov Belarus ish beruvchilari bilan onlayn suhbatlar orqali o‘tkaziladi.
Shuningdek, fuqarolarning yo‘l xarajatlarini ish beruvchi tomonidan oldindan qoplash imkoniyatini o‘rganish taklif etildi.
Spot avvalroq Janubiy Koreya O‘zbekistondan tajribali quruvchilarni taklif qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.