Janubiy Koreya O‘zbekiston va boshqa mamlakatlardan E-7 vizasi bo‘yicha qurilish sohasida malakali mutaxassislarni ishga qabul qilishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.

Agentlik rahbari Muhsinxo‘ja Abdurahmonov qurilish sohasidagi rekruting kompaniyalari bilan Koreya mehnat bozorida o‘zbekistonliklar uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi. Uchrashuvda Worksmate asoschisi Kim Se-von va Hyun Ju rahbari Li Si-dok ishtirok etdi.

Mamlakatlar o‘rtasida amal qilayotgan EPS tizimi doirasida mehnat muhojirlari Koreyaga E-9 ishchi vizalari orqali uyushgan holda yuboriladi. Shu bilan birga, qurilish yo‘nalishi bo‘yicha EPS-TOPIK koreys tili imtihonini topshirgan nomzodlarni saralashni faollashtirish zarurligi ta‘kidlandi.

Migratsiya agentligi Koreya qurilish kompaniyalari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish va ularni o‘zbekistonlik ish izlovchilar salohiyati bilan kengroq tanishtirishni taklif qildi.

Worksmate o‘ziga tegishli bo‘lgan va Koreyadagi 1500 dan ortiq qurilish kompaniyalari bilan bog‘langan GADA platformasi imkoniyatlarini taqdim etdi. Xizmat nomzodlarning ish tajribasi to‘g‘risidagi ma‘lumotlar hisobini yuritish, hujjatlarni raqamli formatda boshqarish imkonini beradi, shuningdek, xodimlarning ish beruvchilar bilan o‘zaro munosabatlarini soddalashtiradi.

Tomonlar GADA va Migratsiya agentligining Xorijda Ish platformasini o‘zaro integratsiya qilish imkoniyatlarini muhokama qildi. Bunda o‘zbekistonlik foydalanuvchilarning shaxsiy ma‘lumotlarini himoya qilishga alohida e‘tibor qaratildi.

Shuningdek, E-7 vizasi bo‘yicha malakali mutaxassislarni jalb qilish masalasi ko‘tarildi. Worksmate vakillari “tegishli tuzilmalar” ishtirokida O‘zbekiston, Mo‘g‘uliston, Vetnam va Tailanddan ishchilarni yollash loyihasi ustida ish olib borilayotganini ma‘lum qildi.

Loyiha doirasida boshlang‘ich oylik ish haqi 2 156 880 vonni (joriy kurs bo‘yicha taxminan $1560 yoki 18,59 mln so‘m) tashkil etadi va kelajakda oshirilishi mumkin.

Loyihada kamida 5 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan texnikum bitiruvchilari, shuningdek, bakalavr diplomi va 1 yillik ish stajiga ega bo‘lgan oliy ta‘lim muassasalari bitiruvchilari ishtirok etishlari mumkin. Magistrlar uchun ish tajribasi talab qilinmaydi.

Migratsiya agentligi ushbu yo‘nalishda kadrlarni dastlabki va maqsadli tayyorlash modelini taklif etdi. U talabalarga koreys tilini o‘rgatish va kasbiy malakani shakllantirish, O‘zbekiston qurilish sohasida tajriba orttirish va ularni Koreyaga ishga yuborish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishni o‘z ichiga oladi.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va yo‘nalishlarni birgalikda o‘rganish bo‘yicha niyat xatini (LOI) imzoladi. Worksmate rahbariyati muzokaralarni davom ettirish va kadrlar tayyorlash jarayoni bilan tanishish uchun O‘zbekistonga taklif etildi.

Migratsiya agentligi ma‘lumotlariga ko‘ra, 2007-yildan buyon Koreyada E-9 vizasi bo‘yicha 50 mingga yaqin o‘zbekistonlik ishga joylashtirilgan. Bundan tashqari, 2025−2026-yillarda Farg‘onada Hyundai Heavy Industries va Ulsan shahri hokimiyati ko‘magida tashkil etilgan maxsus markazda 668 kishi til, madaniyat va kasb-hunarga o‘qitildi.


Avvalroq Spot O‘zbekiston va Janubiy Koreya qariyb $12 mlrd lik yangi loyihalarni tayyorlagani haqida yozgandi.