Adliya vazirligi qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan birja savdolari orqali xarid qilingan dizel yoqilg‘isi qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibini belgilovchi vaqtinchalik nizomni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Nizomga ko‘ra, paxta va g‘alla yetishtiruvchi fermerlar 2026-yil 1-apreldan 1-iyulgacha birja savdolari orqali xarid qilgan dizel yoqilg‘isining 1 tonnasi narxi 13 mln so‘mdan qimmat bo‘lsa, oshgan summaning 2 mln so‘mgacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan subsidiya qilinadi.
Subsidiya olish uchun alohida ariza topshirish talab etilmaydi. Mablag‘ proaktiv, ya’ni avtomatik tartibda ajratiladi.
Buning uchun dizel yoqilg‘isi faqat birja savdolari orqali xarid qilingan bo‘lishi, fermerning ekin maydonlari va ekin turlari Agroportal tizimiga kiritilgan bo‘lishi hamda yoqilg‘i agrotexnologik xaritada belgilangan aprel-iyun oylaridagi agrotexnik ishlar uchun ishlatilgan bo‘lishi kerak.
Subsidiya miqdori Agroportal ma’lumotlari asosida avtomatik hisoblanadi va mablag‘lar Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrar sohada to‘lovlar agentligi tomonidan fermerning tijorat bankidagi maxsus hisobvarag‘iga 3 ish kuni ichida o‘tkaziladi.
Agar texnik nosozlik yoki ma’lumotlar almashinuvidagi uzilish sababli fermer haqidagi ma’lumotlar agentlikka yetib bormasa, u yozma ravishda yoki Agroportal orqali elektron shaklda murojaat qilishi mumkin.
Avvalroq Spot paxta-to‘qimachilik klasterlariga gektariga 3 mln so‘mdan subsidiya berilishi haqida yozgan edi. Shuningdek, bo‘yalgan mato ishlab chiqarish loyihalariga uskunalar xaridi uchun qo‘shimcha subsidiya beriladi.