O‘zbekistonda paxta-to‘qimachilik korxonalari uchun yangi imtiyoz va subsidiyalar joriy etiladi. Bu prezidentning 29-iyundagi qarorida (PQ-246-son) belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2025-yilda o‘ziga biriktirilgan yer maydonlarida paxta yetishtirgan paxta-to‘qimachilik klasterlari va ular ta’sischisi bo‘lgan korxonalarga har bir gektar uchun 3 mln so‘mdan subsidiya ajratiladi. Bunda paxta Qishloq xo‘jaligi vazirligi taqdim etgan konturlarda yetishtirilgani Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi (O‘zbekkosmos) tomonidan tasdiqlanishi kerak.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyungacha amalga oshirilgan bo‘yalgan mato hamda aralash va bo‘yalgan gazlama ishlab chiqarish loyihalariga bo‘yash uskunalarini xarid qilish xarajatlari uchun avval ajratilgan mablag‘larning qoldiq qismi hisobidan subsidiya beriladi.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-iyulgacha tadbirkorlarning barqarorlik reytingida “A” va undan yuqori toifaga kirgan klasterlar va to‘qimachilik korxonalariga qo‘shilgan qiymat solig‘ining salbiy farq summasi tekshiruvlarsiz 20 kun ichida qaytariladi.
May oyida fermerlarga dizel xarajatlarining 2 mln so‘mgacha qismi qoplab berilishi belgilandi. Paxta va bug‘doy yetishtiruvchilarga kredit foiz xarajatlarining bir qismi uchun kompensatsiya ajratiladi.
Avvalroq Spot Sirdaryoda klaster 104 mlrd so‘mlik paxta tolasini qonunbuzarlik bilan sotgani aniqlangani haqida yozgan edi. Kompaniya birja narxidan oshirib sotish hisobiga 700 mln so‘mdan ortiq daromad olgan.