Raqobat qo‘mitasi Sirdaryo viloyatidagi White Gold klasterini paxta tolasini sotishdagi qonunbuzarliklar uchun javobgarlikka tortdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mitaning viloyat boshqarmasi paxta-to‘qimachilik klasterida birja savdolarini o‘tkazishda raqobatni cheklashga yo‘l qo‘ymaslik talablariga rioya etilishi holatini o‘rgandi. O‘rganish davomida kompaniya umumiy qiymati 104 mlrd so‘mlik 5 ming tonnadan ortiq paxta tolasini o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma asosida sotgani aniqlandi.

Shartnomada ko‘rsatilgan narx bitim tuzilgan davrdagi savdolarda shakllangan o‘rtacha birja kotirovkasidan yuqori bo‘lgan. Klasterning asossiz olgan daromadi 700 mln so‘mdan oshgan.

Maxsus komissiya White Gold Cluster‘ga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Kompaniya “Raqobat to‘g‘risida"gi qonunning 29-moddasi hamda yuqori likvidli va monopol mahsulotlarni birja savdolari orqali sotish to‘g‘risidagi nizom talablarini buzgan deb topildi.

Ishni ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha qo‘mita korxonaga moliyaviy jarima soldi. Shuningdek, unga qonunbuzarliklarni bartaraf etish va kelgusida bunday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.

Avvalroq Raqobat qo‘mitasi dori reklamalaridagi chalg‘ituvchi so‘zlar haqida ogohlantirgandi.