O‘zbekiston Rossiyadan g‘alla va naslli qoramol yetkazib berish masalasiga qiziqish bildirmoqda, deya xabar berdi Savdo-sanoat palatasi.
Tashkilot rahbari Davron Vahabov 11-sentabr kuni Moskvada STЕP agroxolding bosh direktori Andrey Nedujko bilan muzokara o‘tkazdi.
Tomonlar agrosanoat sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalasini muhokama qildi.
Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri har yili O‘zbekistonga 7000 bosh golshtein zotli naslli qoramol olib kirish taklifi bo‘ldi. Ularni mahallalardagi oilalarga taqsimlash rejalashtirilmoqda.
Ta’kidlanishicha, bu zotdagi sigirlar sutkasiga 40 litrgacha va undan ko‘proq sut berishi mumkin.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, tashabbus oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholiga barqaror daromad manbaini yaratish va oilalarning kambag‘allikdan chiqishiga yordam beradi.
Shuningdek, Rossiyada hosil yuqori bo‘lgani sababli Kaspiy dengizi orqali O‘zbekistonga 500 ming tonna bug‘doy yetkazib berish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun Astraxan va Maxachqal’a portlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda.
Yana bir ustuvor yo‘nalish — sut va qandolat mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish masalasi bo‘ldi. Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib oldi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Hindistondan go‘sht importini kengaytirishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.