Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazmoqda, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari Sulton Tex Group klasteri rahbari Nurbek Ergashevga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tadbirkor” faxriy unvonini berish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

21-oktabr kuni prezident energiya va suvni tejovchi texnologiyalardan foydalanadigan ushbu korxona faoliyati bilan tanishgan edi.

Mirziyoyev tadbirkorning 2028-yilgacha yana 30 ming kishini ish bilan ta’minlash, jumladan, ayollar uchun imkoniyatlarni kengaytirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Shuningdek, Qamashi tumanining Chim mahallasida limon yetishtirish maktabini tashkil etgan Abdimannop Xudoyberdiyevga ham “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” faxriy unvoni beriladi.

Bundan tashqari, Mutolaa loyihasi bosh muharriri Javlon Jovliyev hamda “Yosh kitobxon oila” respublika tanlovi g‘oliblari Baxtishod Rashidov va E’zoza Xushvaqtovaga Toshkent shahridan yangi ikki xonali kvartiralar beriladi. Prezident mazkur mukofotlarni shu yerning o‘zida topshirishni taklif etdi.

Bir kun avval Mirziyoyev “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasida joylashgan Sulton Tex Group klasteri fabrikasiga tashrif buyurgandi.

Kompaniya matolar ishlab chiqarish va bo‘yash majmuasiga $54 mln investitsiya kiritgan bo‘lib, bu yerda 840 ta ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish liniyalari yiliga 20 ming tonnagacha mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Korxonada qiymati $3 mln bo‘lgan suv aylanish tizimi joriy etilgan. U suvning 95% dan ortig‘ini tozalash va qayta ishlatish imkonini beradi. Shuningdek, umumiy quvvati 3,5 MVt bo‘lgan gaz generatori va quyosh panellari o‘rnatilgan.

Kelgusida Sulton Tex Group “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasida yangi loyihani amalga oshirish uchun $70 mln investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda.

Bu loyiha 3 570 ta ish o‘rni yaratish imkonini beradi. Bundan tashqari, kompaniya viloyatning boshqa tumanlaridagi loyihalarga yana $17 mln investitsiya kiritib, 1220 ta ish o‘rni yaratmoqchi.


Avvalroq Spot prezident Qashqadaryoda $6 mlrd lik investitsiya loyihalarini ishga tushirgani haqida yozgan edi.