Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi FM World korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xitoyning 500 ta yirik xususiy korxonasi qatoriga kiruvchi Jiangsu World Group korporatsiyasi tarkibidagi ushbu majmua 5 gektar maydonda joylashgan.

Qiymati $20 mln bo‘lgan loyiha to‘liq xorijiy investitsiya hisobidan moliyalashtirilib, 12 ming kvadrat metr maydonda ishlab chiqarish binolari barpo etilgan. Bu yerda 200 ta ish o‘rni yaratilib, ishlab chiqarishning ayrim jarayonlari avtomatlashtirilgan.

Korxonada Nasaf brendi ostida besh xil rusumdagi traktorlar, paxta terish mashinalari hamda boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalari yig‘ilmoqda. Ular GPS, avtopilot, o‘g‘itlashni boshqarish va masofadan nazorat qilish tizimlari bilan jihozlangan. Bu dala ishlarini aniq bajarish, yonilg‘i va boshqa resurslar sarfini kamaytirishga xizmat qiladi.

Korxonada dala sharoitida texnikalarga xizmat ko‘rsatish, nosozliklarni oldindan aniqlash va ulardan xavfsiz foydalanish bo‘yicha muntazam o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

Texnikalarni yig‘ishda mahalliylashtirish darajasi hozirda 30% ni tashkil etadi va korxonaning o‘zida 138 turdagi butlovchi qismlar tayyorlanmoqda. Kelgusida mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani kuchaytirish orqali bu ko‘rsatkichni oshirish ko‘zda tutilgan.

Yillik eksport hajmini $50 mln ga yetkazish, mahsulotlarning 30% ini qo‘shni davlatlarga yetkazib berish rejalashtirilgan.

“Qashqadaryoda fermerlarimizning ishini yengillashtiradigan zamonaviy texnikalarning o‘zimizning brendimiz ostida ishlab chiqarilishi bir paytlar orzu edi. Mahalliylashtirish — qishloq xo‘jaligidagi islohotlarimizning uzviy davomi”, — dedi prezident.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda 45 ming fermer va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 60% i sug‘urta bilan qamrab olinishi haqida yozgan edi.