Uzbekistan GTL zavodini xususiylashtirish bo‘yicha ishlar boshlangan, hozirda tayyorgarlik jarayonlari ketmoqda. Bu haqda 8-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori Sohibjon Murodov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zavodni xususiylashtirish bo‘yicha konsepsiya mavjud, jarayonning boshlanishi esa korxona aynan shu muddatda sotilishini anglatmaydi.

Hozirda zavodning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini auditdan o‘tkazish, uning moliyaviy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan omillarni aniqlash va bartaraf etish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, xususiylashtirishning iqtisodiyotga, hamkor tashkilotlar, yetkazib beruvchilar va xaridorlarga ta’siri tahlil qilinmoqda.

Murodovning aytishicha, IPOda ishtirok etishga qiziqish bildirgan yirik xalqaro tashkilotlar Davaktivga murojaat qilgan. Ular aksiyalarni ommaviy taklif etish muddatlari bilan qiziqib, IPOda qatnashish istagini bildirgan.

“Bu biz uchun yaxshi signal. IPOga chiqadigan bo‘lsak, GTL’ning kichik ulushdagi aksiyalarini sotib olishga qiziquvchilar ham bo‘ladi”, — dedi agentlik rahbari.

Shu bilan birga, Murodov zavodning joriy moliyaviy ko‘rsatkichlari va qurilish uchun olingan qarzlarning qancha qismi qoplangani haqida hozircha aniq ma’lumotga ega emasligini bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Davaktiv ushbu ma’lumotlarni alohida e’lon qilib, jamoatchilikka yetkazishga tayyor.

2025-yil aprel oyida prezident xalqaro bozorlarda davlat ishtirokidagi yirik korxonalarni xususiylashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Ular orasida 2026-yilning ikkinchi choragida ommaviy savdolar e’lon qilinishi rejalashtirilgan Uzbekistan GTL kompaniyasining 100% davlat ulushi ham bor.

Avvalroq Spot Farg‘ona NQIZni qayta xususiylashtirish hozircha rejalashtirilmayotgani haqida yozgan edi.