Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini xususiylashtirish hozircha rejalashtirilmagan. Korxonada moliyaviy sog‘lomlashtirish ishlari davom etmoqda. Bu haqda 8-oktabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) direktori Sohibjon Murodov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Avval zavod O‘zbekneftgaz tarkibida bo‘lgan, biroq uni sotishga tayyorgarlik ko‘rishdan oldin korxonadagi ulush Davaktivga o‘tkazilgan.
O‘zbekneftgaz bilan o‘zaro hisob-kitoblar amalga oshirilgach, zavod davlat kompaniyasi tarkibidan chiqarilib, alohida korxonaga aylantirilgan. Hozirda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining yagona aksiyadori agentlik hisoblanadi.
Murodovning so‘zlariga ko‘ra, korxona uchun qisqa muddatli strategiya ishlab chiqilgan va moliyaviy holatini yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilgan.
Avval zavod quvvatlaridan foydalanish darajasi 40% bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich qariyb 100% ga yetgan.
Shuningdek, dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish 30% ga, yo‘l qurilishi uchun mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarish 60% ga oshgan. Aviatsiya kerosini ishlab chiqarish hajmi ham bir necha barobar ko‘paygan.
Ayni paytda zavodda xalqaro audit o‘tkazilmoqda. Uning yakunlari bo‘yicha korxonaning amaldagi majburiyatlari aniqlanadi, mavjud qarzlarni esa belgilangan shartlarni saqlab qolgan holda moliya-xo‘jalik faoliyati davomida so‘ndirish yoki restrukturizatsiya qilish rejalashtirilgan.
“Kelajakdagi rejalar haqida gapiradigan bo‘lsak, bugungi kunda xususiylashtirish masalasi kun tartibiga qo‘yilmagan”, — deya ta’kidladi Davaktiv rahbari.
Sohibjon Murodov. Foto: Davaktiv
Farg‘ona NQIZning davlatga qaytarilishi
Iyun oyi boshida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi (NQIZ) yana to‘liq davlat mulkiga o‘tgani ma’lum bo‘ldi. Yuridik shaxslar va tadbirkorlarning yagona davlat reyestriga ko‘ra, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining yagona ta’sischisi — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.
Agentlik ustav fondining 124,54 mlrd so‘mlik 100% ulushiga egalik qiladi. May oyida esa Davaktiv korxonaning 58,5% ulushiga ega bo‘lgan, qolgan 41,5% i xususiy Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) kompaniyasiga tegishli edi.
2020-yilda zavod o‘sha paytda Jizzakh Petroleum brendi ostida faoliyat yuritgan Sanoat Energetika Guruhining ishonchli boshqaruviga berilgan. 2022-yil may oyida Davaktiv zavodni Saneg kompaniyasiga $100 mln ga sotishini e’lon qilgan. Xaridor korxonani modernizatsiya qilishga $380 mln investitsiya kiritishi, jumladan benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlab chiqarishni rivojlantirishi hamda zavod quvvatini kamida 2 mln tonnagacha oshirishi kerak edi.
2022-yil sentabrida Saneg Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini zamonaviy benzin, moylash materiallari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga moslashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli modernizatsiya loyihasini ham e’lon qildi. Loyihaga $400 mln investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan bo‘lib, o‘sha paytga kelib kompaniya $160 mln dan ortiq mablag‘ jalb qilgan edi.
2026-yil yanvarida Vazirlar Mahkamasi Sanegning strategik loyihalariga, jumladan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishga yangi investorlarni jalb etishni topshirdi.
Shu bilan birga, Saneg, Enter Engineering va Eriell guruhlarining asosiy faoliyatiga kirmaydigan aktivlarini sotishga qaror qilindi. Mart oyi boshida ushbu qaror guruhning $131 mln miqdoridagi ish haqi qarzlarini to‘lash zarurati bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘ldi.
Taqdimot yakunlari bo‘yicha davlat rahbari neft-gaz sohasi korxonalari samaradorligini oshirish, yirik loyihalarni puxta hisob-kitoblar va aniq moliyalashtirish manbalari asosida amalga oshirish bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.
Avvalroq Spot AQSH, Koreya va Xitoy kompaniyalari UzAuto Motors’ni xususiylashtirishga qiziqish bildirdi haqida yozgandi.