Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi yana to‘liq davlat mulkiga aylandi. Gazeta.uz korxona va tashkilotlarning davlat reyestridagi o‘zgarishlarga e’tibor qaratdi.

Reyestr ma’lumotlariga ko‘ra, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi kompaniyasining yagona ta’sischisi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hisoblanadi. Unga 124,54 mlrd so‘mlik ustav fondining 100%i tegishli.

May oyida Davaktiv korxonaning 58,5% ulushiga egalik qilgan. Qolgan 41,5%i esa Sanoat Energetika Guruhi (Saneg) xususiy kompaniyasiga tegishli edi.

davaktiv agentligi, farg'ona nqiz, saneg

Davlat aktivlari 2020 yilda Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi Sanoat Energetika Guruhi (o‘sha paytda Jizzakh Petroleum brendi ostida faoliyat yuritgan) ishonchli boshqaruviga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Qaror iqtisodiyotning bir qator tarmoqlarini qayta qurish doirasida qabul qilindi.

2022-yil may oyida Davaktiv zavodni Saneg kompaniyasiga $100 mlnga sotishini e’lon qildi. Bitim doirasida xaridor korxonani modernizatsiya qilish, jumladan, benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlab chiqarish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini kamida 2 million tonnagacha kengaytirish uchun 380 million dollar sarmoya kiritish majburiyatini oldi.

Bundan tashqari, xaridor bir qator ijtimoiy majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi:

  • xodimlar sonini qisqartirmaslik (xodimlarning tabiiy sabablarga ko‘ra ishdan ketishi munosabati bilan bo‘shaydigan ish o‘rinlari bundan mustasno) va ikki yil davomida xodimlar bandligini ta’minlash;
  • bitim yopilgan sanadagi holatga ko‘ra xodimlarning ish haqi miqdorini kamaytirmaslik;
  • jamoa shartnomasining asosiy shartlari saqlanishini ta’minlashi shart.

O‘sha yilning sentabr oyida Saneg zamonaviy benzin, moylar va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini keng ko‘lamli modernizatsiya qilishni e’lon qildi. Kompaniya loyihaga $160 mlndan ortiq mablag‘ jalb qildi va jami $400 mln to‘plashni mo‘ljallagan edi.

Hukumat joriy yilning yanvar oyida Saneg tomonidan amalga oshirilayotgan strategik loyihalarga yangi investorlarni jalb qilish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

MTO (Methanol to Olefin) gaz-kimyo majmuasi, Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi va Buxoro aeroportini modernizatsiya qilish, Tebinbuloq kon-metallurgiya kombinati qurilishi shular jumlasidandir.

O‘shanda Saneg, Enter Engineering va Eriell kompaniyalari guruhining asosiy bo‘lmagan aktivlarini sotishga qaror qilindi. Mart oyi boshida ma’lum bo‘lishicha, qaror guruhning $131 mlnlik ish haqi qarzini to‘lash uchun qabul qilingan.


Avvalroq Spot Saneg ishtirokida Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasini kengaytirishda qariyb $54 mlnlik o‘g‘irliklar aniqlangani haqida yozgandi.