Soliq organlari, O‘zbekneftgaz va bir qator kompaniyalar xodimlari yirik miqdordagi mablag‘larani talon-toroj qilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Departament tomonidan Soliq qo‘mitasi komplayens va korrupsiyaga qarshi nazorat boshqarmasi bilan birgalikda tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi.

Unda Soliq qo‘mitasi, Buxoro viloyati soliq boshqarmasi, O‘zbekneftgaz, SH.G., S.E., E.E. (gap Sho‘rtan GKM, Saneg va Enter Engineering haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin — Spot) va A. korxonalarining O‘zbekistondagi doimiy muassasasi mas’ul shaxslari o‘zaro til biriktirgani aniqlandi.

Xususan, ular Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish bo‘yicha berilgan 5,3 trln so‘mlik xizmatlar QQSdan ozod etilgan bo‘lishiga qaramay, QQS summasini elektron hisob-fakturalarga noqonuniy ravishda kiritgan.

Natijada budjetda asossiz QQS mablag‘lari shakllantirilib, ularning bir qismi A. MCHJ hisob raqamiga qaytarilgan. Shuningdek, S.E. qo‘shma korxonasining davlat oldidagi kreditorlik qarzdorliklari yo‘q qilinishiga erishilgan. Bu orqali 643,2 mlrd so‘mlik budjet mablag‘lari o‘zlashtirish va rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Spot Andijonda 35 mlrd so‘mdan ortiq soliq keshbekini talon-toroj qilgan shaxslar ushlangani haqida yozgan edi.