Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga tashrifi davomida Wosune Food Ingredients Karshi korxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Zavod bugun bo‘lib o‘tgan yangi loyihalarni ishga tushirish marosimi doirasida faoliyatini boshladi. Korxona mahalliy meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlab, eksport uchun yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
AQSHning Wosune International Inc. kompaniyasi investitsiyalari hisobidan “Qashqadaryo” erkin iqtisodiy zonasida qurilgan majmuaning qiymati $8,5 mln ni tashkil etdi.
Korxonada konveksion uskunalar yordamida sabzi, bulg‘or qalampiri, qovoq, olma, ko‘k piyoz, ismaloq va turli ko‘katlar quritiladi.
Xabarda qayd etilishicha, quritish texnologiyasi mahsulotlarning tabiiy ta’mi va ozuqaviy xususiyatlarini saqlab qolish imkonini beradi.




Tayyor ingredientlar tez tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, ziravorlar, konservalar va kosmetika ishlab chiqaruvchilariga, jumladan, Yevropa mamlakatlari va MDH davlatlariga yetkazib beriladi. Zavod yillik eksport hajmini $40 mln ga yetkazishni rejalashtirmoqda.
Korxonada 150 ta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Ishlab chiqarish jarayonlarining qariyb 30% i robotlashtirilgan.
Xomashyo bazasini kengaytirish maqsadida mahalliy fermer xo‘jaliklari bilan bevosita hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Prezident ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishib, zavod mahsulotlarini ham ko‘zdan kechirdi.
Avvalroq Spot prezident Qashqadaryoda $6 mlrd lik investitsiya loyihalarini ishga tushirgani haqida yozgandi.



