Avvalroq Spot prezident Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazayotgani haqida xabar bergandi.

Yangi imkoniyatlarni faqat poytaxt tadbirkorlari bilan cheklamaslik uchun Yangi Toshkentdan poytaxtning har bir tumaniga 100 gektardan hudud biriktirildi. Endi tuman hokimlari o‘z tadbirkorlari bilan ishlab, yangi loyihalarni shu maydonlarga olib kelishi kerak.

Xuddi shunday mamlakatning qolgan 13 ta hududiga ham 100 gektardan maydon ajratiladi. U yerlarda amalga oshirilgan investitsiyalar tegishli viloyat yoki poytaxt tumanining ko‘rsatkichlarida hisobga olinadi.

Biriktirilgan hududlardagi yerlar bo‘yicha birinchi auksionda faqat o‘sha viloyat yoki tuman tadbirkorlari qatnashadi.

Prezident Yangi Toshkent butun mamlakat ishbilarmonlari uchun yangi imkoniyat maydoniga aylanishi lozimligini ta‘kidladi.

Yangi Toshkent loyihalariga xorijlik sarmoyadorlar qiziqishi ham yuqori. Ular uchun dastlabki 50 ta lot belgilandi. Ularning joylashuvi, loyiha imkoniyatlari, iqtisodiy hisob-kitoblari va yangi yengilliklarni o‘z ichiga olgan aniq takliflar paketi elchilarga yetkaziladi.

Xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga chet eldagi sarmoyadorlarni Yangi Toshkentdagi imkoniyatlar bilan kengroq tanishtirish topshirildi.

Vazirlarga xorijlik hamkorlar va yirik kompaniyalar bilan har bir uchrashuvda Yangi Toshkent imkoniyatlarini taqdimot qilib, ularni qo‘shma loyihalarga taklif qilish vazifasi qo‘yildi.

Prezident e‘lon qilingan imkoniyatlar qog‘ozda qolmasligi, ular yer uchastkalari, iqtisodiy hisob-kitoblar va amalga oshirish muddatlari ko‘rsatilgan tayyor taklif sifatida sarmoyadorga yetib borishi zarurligini ta‘kidladi.

Spot avvalroq Yangi Toshkentda yil oxirigacha 20 ming xonadonni foydalanishga topshirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.