Toshkentda issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yettita yangi kogeneratsiya majmuasi qurilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda poytaxt hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Hokim Shavkat Umurzakov Chilonzor tumanidagi “Bog‘zor” mahallasiga tashrif buyurib, yangi kogeneratsiya podstansiyasi faoliyati bilan tanishdi.

Shuningdek, aholi bilan uchrashib, Veolia Energy Tashkent kompaniyasining energiya ta’minotini rivojlantirish bo‘yicha taqdimotini ko‘rdi.

Taqdimotga ko‘ra, yangi kogeneratsiya majmualarining umumiy issiqlik quvvati 182 Gkal, elektr ishlab chiqarish quvvati esa 203 MVtni tashkil etadi. Ular Uchtepa, Shayxontohur, Yunusobod, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Mirobod va Sergeli tumanlarida joylashadi.

Majmualar 66 ta ijtimoiy obyekt va 549 ta ko‘p qavatli uyni issiqlik hamda elektr energiyasi bilan ta’minlaydi. Buning uchun 66 km elektr tarmoqlari, 141 km issiqlik tarmoqlari va 613 ta individual issiqlik punkti quriladi. Loyihada jami 50 ta doimiy ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.

Kogeneratsiya majmualari yiliga 1,4 mln Gkal issiqlik va 1,6 mlrd kVt·soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi mumkin. Bunda yiliga 107 mln kub metr gaz va 4,4 mln tonna suv tejaladi. Tejaladigan resurslarning umumiy qiymati 220 mlrd so‘mga baholanmoqda.

Loyihaga $173 mln investitsiya kiritiladi. Ishlarni Tashgen kompaniyasi moliyalashtiradi.

Loyiha bo‘yicha investitsiya kelishuvi iyul oyida imzolangan. Sentyabrda obyektlar uchun uskunalar yetkazib berilishi boshlanadi. Yashnobod va Yangihayot tumanlaridagi kogeneratsiya stansiyalarini dekabr oyida, qolganlarini esa 2027-yil yozida ishga tushirish rejalashtirilgan.

Iyul oyida Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanining “O‘zgarish” mahallasida $5,8 mln evaziga qurilgan kogeneratsiya markazi bilan tanishdi. Majmua yiliga 18,4 mln kVt·soat elektr va 80 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarishi mumkin.


Avvalroq Spot tartibga solinadigan korxonalar uchun gaz va elektr energiyasi tariflari oshirilgani haqida yozgandi.