Avvalroq O‘zbekistonda sentabr oyi yakunida iste‘mol narxlarining yillik o‘sishi 6,4% ni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.
Oziq-ovqat mahsulotlari narxi bir oyda 1,0% ga, so‘nggi 12 oyda esa 6,3% ga oshdi. Nooziq-ovqat tovarlari oy davomida 0,3% ga, yillik hisobda 5,8% ga, pulli xizmatlar esa mos ravishda 0,95 va 7,0% ga qimmatlashdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida sentabrda eng ko‘p tuxum narxi ko‘tarildi — 5,3% ga. Shuningdek, suyakli mol go‘shti (+1,7%), qo‘y go‘shti (+1,3%), tovuq go‘shti (+1,2%), suyaksiz mol go‘shti (+1,1%), grechka (+1,1%), guruch va guruch kurmagi (+1%), shuningdek, sariyog‘ (+0,8%) hamda xom sut (+0,8%) narxlarida ham o‘sish qayd etildi. Shu bilan birga, shakar o‘rtacha 0,9% ga arzonlashdi.
Meva-sabzavot mahsulotlari orasida bir oy davomida pomidor (+14,2%), bodring (+13,5%), sabzi (+12,4%), bulg‘or qalampiri (+4,9%), baqlajon (+4,7%) va piyoz (+2,6%) sezilarli darajada qimmatlashdi.
Shu bilan birga, mavsumiy omil ta‘sirida sitrus mevalar (-12%), uzum (-5,7%), olma (-2,4%) va banan (-1,7%) narxlari pasaydi.
Yillik hisobda esa yangi pomidor (+54,9%), qo‘y go‘shti (+19,8%), suyaksiz mol go‘shti (+17,9%), suyakli mol go‘shti (+16,2%), bodring (+14,4%) va tuxum (+11,4%) eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlar bo‘ldi. Grechka o‘tgan yilgiga qaraganda 8,3% ga, olma 7,8% ga, sariyog‘ 5,9% ga, sut 5,3% ga, bulg‘or qalampiri 4,3% ga, sabzi 2% ga, tovuq go‘shti bo‘laklari 1,2% ga, shakar esa 0,1% ga qimmatroq sotilmoqda.
Shu bilan birga, so‘nggi bir yil ichida baqlajon 30,2% ga, uzum 10% ga, banan 3,5% ga, piyoz 3,4% ga, guruch va guruch kurmagi 2,7% ga, sitrus mevalar esa 2,7% ga arzonlashdi.
Xizmatlar
Sentabr oyida xizmatlar sohasidagi o‘sishning asosiy omili ta‘lim sohasidagi narxlarning kuzgi qayta ko‘rib chiqilishi bo‘ldi: ta‘lim sohasidagi xizmatlar bo‘limi bir oy ichida 4,2% ga oshdi (2025-yil sentabriga nisbatan +5,4%).
Davlat bog‘chalariga qatnash to‘lovi BHMning oshishi hisobiga o‘rtacha 6,8% ga, xususiy bog‘chalarda esa 1,7% ga ko‘tarildi. Davlat oliy o‘quv yurtlarida ta‘lim olish o‘rtacha 6,3% ga, xususiy maktablarda 6% ga qimmatlashdi. Repetitorlik xizmatlari 1,9% ga (yil davomida +5,8%), til kurslari esa 1,8% ga (yil davomida +5%) qimmatlashdi.
Kommunal xizmatlar orasida Surxondaryo viloyatida sovuq suv ta‘minoti va kanalizatsiya tariflarining oshishi (respublika bo‘yicha o‘rtacha +2,1%, yil davomida +2,8%) hamda Navoiy viloyatida ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish to‘lovining ko‘tarilishi (respublika bo‘yicha +0,6%, yil davomida +3,5%) qayd etildi. Aholi uchun ko‘mirning bozor narxlari 0,3% ga, o‘tin narxi esa 0,8% ga oshdi.
Transport sohasida kuryerlik xizmatlari va jo‘natmalarni yetkazib berish bir oyda 3% ga qimmatlashdi (yil davomida +4,4%). Shu bilan birga, so‘mning yevro va Shveysariya frankiga nisbatan mustahkamlanishi hamda ayrim tashuvchilar tomonidan tariflarning qayta ko‘rib chiqilishi natijasida uzoq masofaga qatnovchi poyezd chiptalari bir oyda 1,6% ga arzonlashdi (yil davomida +11,6%), aviaparvozlar esa 0,9% ga pasaydi (yillik hisobda -6,7%).
Restoran va mehmonxona xizmatlari bir oyda 0,7% ga (yil davomida +7,5%), maishiy tovarlar va xizmatlar 0,5% ga (yil davomida +6,6%), dam olish, sport va madaniyat sohasi 0,4% ga (yil davomida +3,6%), axborot, aloqa va sog‘liqni saqlash esa 0,2% ga (yil davomida mos ravishda +5,8% va +3,4%) qimmatlashdi. Sug‘urta va moliya xizmatlari esa sezilarli darajada o‘zgarmadi (bir oyda +0,1%, yil davomida +43,8%).
Sanoat mahsulotlari
Sentabr oyida nooziq-ovqat tovarlari dinamikasiga avtomobil yoqilg‘isi sezilarli ta‘sir ko‘rsatdi.
Propan narxi bir oy ichida 4,2% ga oshdi, uning yillik narx sakrashi esa 48,9% ni tashkil etdi. Propanning eng yuqori narx chegarasi litriga 10 ming so‘mga yetdi.
Benzinning o‘rtacha narxi bir oyda 1,2% ga oshdi (yillik hisobda +20,1%). Eng ko‘p AI-95 markali yoqilg‘i narxi ko‘tarildi — 4,2% ga, AI-92 0,7% ga, yuqori oktanli AI-98 va AI-100 markalari esa 0,4% ga qimmatlashdi. Metan narxi avgust oyi darajasida saqlanib qoldi (yillik hisobda +10,1%).
Milliy statistika qo‘mitasi ma‘lumotlariga ko‘ra, bir litr AI-92 markali benzin narxi 10,5 ming so‘mdan 17 ming so‘mgacha, AI-95 — 13,5 ming so‘mdan 21,5 ming so‘mgacha, AI-98 va AI-100 markalari esa 16,5 ming so‘mdan 28 ming so‘mgacha bo‘lgan.
Nooziq-ovqat tovarlarining boshqa guruhlaridagi dinamika mo‘tadil bo‘lib qoldi: kiyim-kechak va poyabzal bir oyda 0,2% ga (o‘tgan sentabrga nisbatan +3%), ro‘zg‘or buyumlari va maishiy texnika bir oyda 0,3% ga hamda yillik hisobda 2,9% ga qimmatlashdi. Alkogol va tamaki mahsulotlari narxi oy davomida 0,3% ga ko‘tarildi (yil davomida +6,6%).
Spot avvalroq sentabrda narxlar o‘sishi yil boshidan beri eng yuqori darajagacha tezlashgani haqida yozgandi.