UzAuto Motors 7-oktabrdan Chevrolet Cobalt va Damas avtomobillarini bank ishtirokisiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bo‘lib to‘lashga sotishni boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Cobalt uchun boshlang‘ich to‘lov avtomobil narxining 50% ini tashkil etadi, qolgan mablag‘ 24 oy davomida to‘lanadi. Damas uchun esa boshlang‘ich to‘lov 30% etib belgilangan. Qolgan mablag‘ni 30 oy davomida bo‘lib to‘lash mumkin.

Bunda Cobalt uchun oylik to‘lov 3 mln 252 ming so‘mdan, Damas uchun esa 2 mln 173 ming 640 so‘mdan boshlanadi.

Kompaniyada qayd etilishicha, avtomobillar soni cheklangan hamda yuqoridagi hisob-kitoblar boshlang‘ich komplektatsiyalar uchun keltirilgan. To‘lov miqdori tanlangan komplektatsiyaga qarab farqlanishi mumkin.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi joriy yilning fevral oyida Yangi Chevrolet Damas Max va Chevrolet Damas Move modellarini sotuvga chiqardi.

UzAuto Motors oxirgi marotaba Chevrolet Cobalt avtomobili uchun onlayn kontraktatsiyani joriy yilning aprel oyi oxirida ochgan edi.

Avvalroq Spot avgustda avtomobil savdosi 79 mingtadan oshgani haqida yozgan edi.