2026-yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 mln 091,1 ming so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 18,4% ga o‘sgan.

Hududlar bo‘yicha ish haqining eng yuqori o‘sish sur’ati Jizzax viloyatiga to‘g‘ri keldi — bu yerda o‘rtacha ish haqi 20,4% ga oshib, 5,4 mln so‘mni tashkil etdi. Undan keyingi o‘rinlarda 19,4% bilan Namangan (5,2 mln so‘m) va 17,8% bilan Toshkent (6,676 mln so‘m) viloyatlari turibdi.

Birinchi yarim yillikda eng yuqori ish haqi Toshkent shahrida kuzatildi — 12 mln 13,9 ming so‘m (+18,2%).

Undan keyingi pog‘onadan Navoiy (8,723 mln so‘m) hamda Toshkent viloyatlari joy oldi. Eng kam oylik maosh esa Qashqadaryo viloyatida qayd etildi — 4,86 mln so‘m.

Hududlar bo‘yicha o‘rtacha oylik ish haqi:


Hududlar
O‘rtacha oylik ish haqi
2025-yilning mos davriga nisbatan o‘sish
1
Toshkent shahri
12 013 900 so‘m
18,2%
2
Navoiy viloyati
8 722 700 so‘m
16,4%
3
Toshkent viloyati
6 675 700 so‘m
17,8%
4
Andijon viloyati
5 683 600 so‘m
15,1%
5
Buxoro viloyati
5 618 200 so‘m
16,9%
6
Sirdaryo viloyati
5 604 900 so‘m
16,8%
7
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
5 556 600 so‘m
16,2%
8
Xorazm viloyati
5 499 800 so‘m
16,3%
9
Jizzax viloyati
5 399 400 so‘m
20,4%
10
Samarqand viloyati
5 192 700 so‘m
17%
11
Namangan viloyati
5 190 700 so‘m
19,4%
12
Farg‘ona viloyati
5 163 500 so‘m
16%
13
Surxondaryo viloyati
4 937 300 so‘m
15,8%
14
Qashqadaryo viloyati
4 864 700 so‘m
17,2%

Sohalar kesimida ish haqlari qanday bo‘ldi?

Yanvar-iyun oylarida sohalar kesimida oylik ish haqining eng yuqori o‘sishi (22,8%) tashish va saqlash yo‘nalishida kuzatildi, o‘rtacha oylik ish haqi esa 11,07 mln so‘mni tashkil etdi.

Bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasi eng yuqori oylik maosh bo‘yicha yetakchi bo‘lib qolmoqda. Yarim yilda bu yo‘nalishda oylik ish haqi 19,1 mln so‘mni tashkil etdi (+17,5%). Undan keyin 17,417 mln so‘m bilan axborot va aloqa (+15,3%) sohasi joy oldi.

Eng past ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida (4,44 mln so‘m) qayd etilib, o‘sish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 20,1% bo‘ldi.

Shu bilan birga, navbatdagi sohalarda ham ish haqi respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan (7 091,1 ming so‘m) sezilarli darajada past bo‘ldi: ta’lim — 4,977 mln so‘m, yashash va ovqatlanish — 5,19 mln so‘m, san’at va ko‘ngil ochish — 5,86 mln so‘m hamda qurilish — 7,03 mln so‘m.

Bundan tashqari, axborot va aloqa sohasida eng yuqori o‘rtacha maosh dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlar yo‘nalishida qayd etildi — 22,23 mln so‘m. Bank va moliya sohasida eng yuqori oyliklar qayta sug‘urtalash (26,014 mln so‘m) hamda moliyaviy xizmatlar (24,89 mln so‘m) sohasida kuzatildi.

Ta’lim sohasida o‘rtacha maoshning eng yuqori ko‘rsatkichi oliy ta’limda qayd etildi — 12,05 mln so‘m. Eng past ish haqi esa maktabgacha ta’limga to‘g‘ri keladi — 2,72 mln so‘m. Texnik va professional ta’limda o‘rtacha maosh 5,37 mln so‘mni hamda umumiy o‘rta ta’limda 4,67 mln so‘mni tashkil etdi.

Avvalroq Spot Markaziy bank “maosh qulligi"ni bekor qiluvchi tizimni ishlab chiqqani haqida yozgan edi.