Avvalroq bojxona xizmati organlari faoliyatini takomillashtirish va bojxona ma‘murchiligiga zamonaviy yondashuvlarni joriy etish choralari belgilangani haqida xabar berilgandi.
Farmon O‘zbekiston hududida tovarlarni chuqur qayta ishlashni rag‘batlantirishni nazarda tutadi. 2027-yildan boshlab qayta ishlash bojxona rejimiga joylashtirilgan tovar 30 kun ichida bojxona hududidan olib chiqilmasa yoki boshqa rejimga o‘tkazilmasa, import rejimida rasmiylashtirilganda bojxona bojlari va boshqa to‘lovlar avtomatik undiriladi.
Agar qayta ishlash rejimiga joylashtirilgan tovar amalda qayta ishlanmagan yoki faqat oddiy amallar — qadoqlash, saralash, tozalash, taqqoslash kabi jarayonlardan o‘tgan bo‘lsa, import rejimida rasmiylashtirilganda qayta ishlash rejimida turgan har bir kun uchun Markaziy bankning asosiy stavkasidan kelib chiqib qo‘shimcha to‘lov hisoblanadi.
2027-yil 1-apreldan tovar importi bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda sayyor soliq va bojxona tekshiruvlari bir vaqtda o‘tkaziladi.
Post Clearance talablariga rioya qilingan holda tovarlarni inson omilisiz rasmiylashtirish kengaytiriladi. Kelgusi yildan yuk bojxona deklaratsiyalari quyidagi 4 shart bajarilganda avtomatik rasmiylashtiriladi:
- tovar bir shartnoma asosida bir necha marta yetkazib berilsa;
- risklarni boshqarish tizimi hisob-kitobiga ko‘ra qo‘shimcha bojxona to‘lovlari 10 BHMdan (4,4 mln so‘m) oshmasa;
- hisoblarda majburiy bojxona to‘lovlarini amalga oshirish uchun yetarli mablag‘ bo‘lsa;
- deklarant qo‘shimcha bojxona to‘lovlarini avtomatik undirishga rozilik bersa.
Shuningdek, O‘zbekiston erkin savdo hududi yoki rejimi bo‘yicha shartnomalar tuzgan davlatlardan import qilinadigan tovarlarni avtomatik bojxona rasmiylashtiruvi yo‘lga qo‘yiladi. Bunda rasmiylashtirish eksport qiluvchi mamlakatda taqdim etilgan deklaratsiya asosida amalga oshiriladi.
Deklarant avtomatik rasmiylashtirishga rozilik bergan taqdirda, yuk bojxona deklaratsiyasi bojxona xodimi aralashuvisiz rasmiylashtirilishi mumkin. Bunda deklarant bojxona to‘lovlari bo‘yicha umumiy ta’minot taqdim etishi shart.
Bundan tashqari, avval muddatsiz berilgan bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarning amal qilish muddati 2029-yil 1-yanvargacha cheklanadi. Muayyan muddatga berilgan imtiyozlar esa belgilangan muddat tugaguncha amal qiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Bojxona qo‘mitasi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligiga tegishli qonun loyihasini 2027-yil aprelgacha kiritish topshirildi.
Unda Jahon savdo tashkiloti talablari asosida tarif choralarini qo‘llash vakolatini JST bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiyada 2028-yil yanvarigacha saqlab qolish ham nazarda tutiladi.
Avvalroq Spot import tovarlari uchun elektron tasdiq olish tartibi tasdiqlangani haqida yozgandi.