24-iyun kuni qabul qilingan hukumat qarori (VMQ-324-son) bilan O‘zbekistondan tashqarida mahsulotlarga rasmiylashtirilgan ayrim ruxsatnoma va muvofiqlik hujjatlari asosida vakolatli organlarning elektron tasdig‘ini olish tartibi tasdiqlandi.

Yangi nizomga ko‘ra, import qiluvchi vakolatli organning elektron tasdig‘ini olish uchun bojxona organiga ariza yuboradi.

Arizaga chet elda rasmiylashtirilgan ruxsat beruvchi va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Arizada quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:

  • tranzit deklaratsiya raqami
  • tovar nomi va TIF TN kodi;
  • tovarlarni ishlab chiqaruvchining nomi;
  • tovarlar ishlab chiqarilgan davlat nomi;
  • ruxsat berish xususiyatiga ega va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjat rekvizitlari;
  • amaldagi qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa holatlarda nazarda tutilgan hujjatlar.

Bojxona organi vakolatli organ tomonidan axborot tizimi orqali yuborilgan qarorlar asosida bojxona qonunchiligiga muvofiq mahsulotlarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshiradi.

Avvalroq Spot chegara bojxona postlarida ruxsatnomalarni berish punktlari ochilgani haqida yozgan edi. Yangi tizim birinchi bosqichda oltita postda, jumladan, Toshkent viloyatidagi ikkita postda ishlamoqda.