Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Oxirgi yillarda sohada ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 4,7 trln so‘mdan 43,1 trln so‘mga yetdi, eksport $1 mlrddan oshdi. Bugungi kunda O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.
Tarmoqda mahsulotlar tarkibi ham o‘zgarmoqda. Misdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning ishlab chiqarilishi va eksporti ortdi, past qiymatli mahsulotlarning ulushi esa sezilarli kamaydi.
Maishiy texnika bo‘yicha ichki talabning 80%i mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplanmoqda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30%i eksport qilinmoqda.
Quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum o‘chirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar, issiqlik nasoslari kabi yuzlab yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirildi.
Joriy yilning yetti oyida tarmoqda 30 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, $706 mlnlik eksport taʼminlandi. $148 mlnlik 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta ish o‘rni yaratildi.
Yil yakunigacha 51 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni $1,6 mldrga yetkazish, $420 mlnlik 67 ta loyihani ishga tushirish vazifasi belgilangan.
Taqdimotda 2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoatda ishlab chiqarish hajmini $11 mlrdga, eksportni $5 mlrdga yetkazish, $3 mlrd investitsiya jalb qilish, misga qo‘shilgan qiymatni 35% ga olib chiqish rejalari ko‘rib chiqildi.
Buning uchun mamlakatda zarur xomashyo bazasi va bozor mavjud. Yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqarilmoqda, yangi quvvatlar hisobiga mazkur ko‘rsatkich 300 ming tonnaga yetkaziladi.
Shuningdek, 15 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu elektrotexnika mahsulotlari uchun yiliga $500 mlnlik buyurtma bozorini shakllantiradi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston va Gonkong investitsiyalarni rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha bitim tayyorlayotgani haqida yozgandi.