Avvalroq prezident elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda ayrim korxonalarda aylanma mablag‘ uchun kredit olishda garov ta‘minoti yetishmayotgani qayd etildi.
Shuningdek, mis xomashyosini birja orqali xarid qilish uchun qulay moliyaviy instrumentlar yaratish va yirik xalqaro brendlarni jalb etish mexanizmlarini kengaytirish zarurligi ta‘kidlandi. Aholi uy-joylari qurilishi ortib borayotgani ham elektrotexnika mahsulotlariga talabni oshirmoqda.
Shu munosabat bilan tarmoq korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif etildi.
Jumladan, mis xomashyosini xarid qilishda to‘lovning 25% ini korxonalar, qolgan 75% ini O‘zsanoateksport aksiyadorlik jamiyati amalga oshiradi. Korxonalar ushbu mablag‘ni 90 kun ichida yillik 6% gacha stavkada qaytaradi. Bu maqsadlar uchun $50 mln resurs yo‘naltiriladi.
Endilikda kreditlar bo‘yicha eksport shartnomalari, sug‘urta polislari kabi boshqa taʼminot turlarini ham qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Investitsiya loyihalariga milliy va xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarning bir qismi uch yil davomida qoplab beriladi.
Kamida $50 mln sarmoya kiritadigan yirik xalqaro brend kompaniyalariga soliq imtiyozlari taqdim qilinib, infratuzilmaga ega tayyor binolar taklif etildi.
Elektrotexnika sanoati korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlari muddatini 2030-yilgacha uzaytirish, yondosh mahalliy sanoat korxonalarini ham qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda.
Eksportni kengaytirish maqsadida xorijiy bozorlarda savdo omborlari tashkil etish, mahsulotlarni sertifikatlash va tashqi bozorlarga chiqarish jarayonlarini yengillashtirish choralari ko‘riladi.
Shuningdek, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston va Iroq bozorlariga kompleks texnologik yechimlar eksportini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tarmoqda innovatsiya va ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish uchun To‘rtinchi sanoat inqilobi ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish taklif qilindi.
Markaz yangi mahsulotlarni raqamli modellashtirish, sinovdan o‘tkazish, mahalliylashtirish, prototiplar tayyorlash va korxonalarga injiniring xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.
Prezident mutasaddilarga elektrotexnika sanoatida qo‘shilgan qiymatni oshirish, yuqori texnologik mahsulot va materiallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirlariga olib kirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Spot, avvalroq, 2029-yildan bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlarning bir qismi bekor qilinishi haqida yozgandi.