Buxoro shahrining tarixiy qismida yo‘lovchi tashishga mo‘ljallanmagan ayrim transport va individual harakatlanish vositalaridan foydalanish cheklanadi. Tegishli qaror Buxoro shahar hokimi tomonidan qabul qilingan.
Cheklov 1-oktabrdan kuchga kiradi va Ark qo‘rg‘onidan Poyi Kalon ansambligacha, Haqiqat ko‘chasi bo‘ylab Labi-hovuz ansambligacha bo‘lgan tarixiy hududga taalluqli hisoblanadi.
Qarorda ushbu hududda qonunchilik talablariga javob bermaydigan yo‘lovchi tashish va individual harakatlanish vositalari soni sezilarli darajada oshgani qayd etilgan.
Bu esa turistlar va ekskursantlarning xavfsiz harakatlanishiga xavf tug‘dirayotgani, shuningdek, piyodalar jarohatlanishi bilan bog‘liq holatlarga sabab bo‘layotgani ko‘rsatilgan.
Tarixiy hududda quyidagi vositalarning harakatlanishini cheklash bo‘yicha choralar ko‘riladi:
- elektroskuter;
- elektrosamokat;
- riksha;
- moped;
- to‘rt g‘ildirakli velosiped;
- karting;
- shuningdek, ot va tuyada harakatlanish.
Cheklov amal qiladigan hududning kirish va chiqish qismlarida tegishli axborot ko‘rsatkichlari va yo‘l belgilari o‘rnatiladi.
Buxoro shahar IIB, viloyat IIB, turizm xavfsizligini ta’minlash bo‘linmasi, soliq inspeksiyasi va madaniy meros boshqarmasiga birgalikda zarur choralarni ko‘rish topshirilgan.
Qonunchilikda belgilangan yo‘lovchi tashish talablariga javob bermaydigan vositalar orqali yo‘lovchi tashish holatlari aniqlansa, tegishli javobgarlik choralari qo‘llanadi.
Shuningdek, qoidabuzarliklarning oldini olish maqsadida profilaktik va tushuntirish ishlari olib boriladi.
Avvalroq Spot Toshkentning Lutfiy ko‘chasida velosiped va samokatlar uchun birinchi yo‘lak paydo bo‘lgani haqida yozgandi.