SpaceX va Tesla asoschisi Ilon Maskning boyligi Bloomberg Billionaire Index reytingiga ko‘ra yana $1 trln dan oshdi. Bu haqda nashr saytida ma’lum qilindi.
6-oktabr holatiga biznesmen aktivlarining umumiy qiymati $1,04 trln ga yetdi. Bu bir kunda 6,7% ga, o‘tgan yilga nisbatan esa 32,4% ga oshgan. Bir kunlik o‘sish $65,4 mlrd ni tashkil etib, avgust oyidan beri eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.
Forbes ham 5-oktabr holatiga Mask boyligini $1 trln ga baholagan. Bu avvalgi savdo kuniga nisbatan $65,3 mlrd ko‘p.
Boylikning oshishiga, avvalo, Maskka tegishli kompaniyalardagi ulushlar qiymatining ko‘tarilishi sabab bo‘lgan. Jumladan, 6-oktabrda SpaceX aksiyalari 7% dan ko‘proqqa qimmatlab, $171 ga yetgan. Oy boshidan buyon esa aksiyalar qariyb 15% ga oshgan. Tesla aksiyalari ham 5% dan ko‘proqqa ko‘tarilib, $378 ni tashkil etgan.
Kosmik kompaniyaga investorlarning qiziqishi 28-sentabr kuni Starship kosmik kemasining orbitaga ilk muvaffaqiyatli parvozidan so‘ng kuchaydi. Parvoz davomida kompaniya 26 ta Starlink sun’iy yo‘ldoshini koinotga olib chiqdi.
Mask 12-iyun kuni SpaceX aksiyalarining birjaga chiqarilishi ortidan $1 trln boylikka ega bo‘lgan dunyodagi ilk shaxsga aylangan edi.
Ushbu IPO tarixdagi eng yirik birja joylashtiruvi bo‘lgan. O‘shanda investorlarning yuqori talabi fonida SpaceX aksiyalari bir necha kun ketma-ket qimmatlagan, kompaniyaning bozor qiymati esa eng yuqori nuqtada $2 trln dan oshgan.
Biroq shundan so‘ng SpaceX aksiyalari bir hafta ichida 30% ga arzonlashgan. Bunga, jumladan, sun’iy intellekt sohasidagi kompaniyalar haddan tashqari yuqori baholanayotgani haqidagi xavotirlar sabab bo‘lgan.
Tesla aksiyalari ham texnologiya sektoridagi ommaviy sotuvlardan zarar ko‘rib, Mask boyligining pasayishiga olib kelgan.
Avvalroq Spot Ilon Mask AQSH ma’muriyati bilan rasmiy hamkorlikka qaytayotgani haqida yozgandi.
U Pentagonning kelajakdagi urushlarni o‘rganishga qaratilgan Project Meridian loyihasiga hamraislik qiladi.