Shavkat Mirziyoyev 8-oktabr kuni Turkmanistondagi Avaza milliy sayyohlik zonasida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida o‘tgan sammitda Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon ham qatnashdi.

Iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

“Biz o‘zaro savdo va investitsiyalarni ko‘paytirish bo‘yicha oldimizga jiddiy maqsadlar qo‘yganmiz. Endi bu o‘sish qaysi manbalar hisobidan taʼminlanishini belgilab olishimiz kerak”, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Yirik loyihalarni tezroq ishga tushirishga xizmat qiladigan qo‘shma sanoat va texnologik zanjirlar, umumiy raqamli xizmatlar hamda investitsiya mexanizmlarini shakllantirish vazifalari belgilab berildi.

“Biz bir-birimiz bilan oddiy savdo qilishning o‘zi yetarli bo‘lmay qolgan bosqichga yetib keldik. Yakuniy mahsulotni birgalikda yaratishimiz kerak. „Olti iqtisodiyot — bitta mahsulot“ formulasi biz intilishimiz lozim bo‘lgan maqsad mohiyatini yaxshi ifodalaydi”, — dedi prezident.

Ushbu yo‘nalishni rivojlantirish uchun 2027-yilda Xivada Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazish, shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus platformani tashkil etish taklif qilindi.

Savdo va investitsiyalar vazirlari kengashiga Ashxoboddagi navbatdagi yig‘ilishida bu masalani batafsil ko‘rib chiqishni topshirish zarurligi qayd etildi.

Shundan so‘ng mintaqa mamlakatlarining zamonaviy transport-logistika tarmog‘i orqali o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish ahamiyati taʼkidlandi.

“Biz global savdoning asosiy quruqlik yo‘nalishlaridan biriga va ayni paytda yirik iqtisodiy faollik markaziga aylanishimiz mumkin. Biroq buning uchun avtomobil va temir yo‘llar qurishning o‘zi yetarli emas. Transport infratuzilmasini rivojlantirishda umumiy yondashuv zarur”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yirik loyihalar yagona tizim sifatida ishlashi uchun ularni muvofiqlashtirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

“Yangi transport yo‘laklari bo‘ylab ishlab chiqarish korxonalari, logistika va xizmat ko‘rsatish obyektlari, sanoat zonalari paydo bo‘lishi kerak. Shunda transport yo‘nalishi o‘z atrofida iqtisodiy faollikni yuzaga keltirib, u o‘tadigan har bir davlatga ancha katta samara keltiradi”, — dedi davlat rahbari.

Shu maqsadda Infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha kengashni tashkil etishni tezlashtirish va uning birinchi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazish taklif qilindi.

Energetika sohasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Mintaqa uglevodorodlardan tortib, gidroenergetika, quyosh va shamol generatsiyasigacha bo‘lgan turli resurslar va katta salohiyatga ega ekani qayd etildi.

“Yashil” rivojlanishning ahamiyatini hisobga olib, past uglerodli energetika salohiyati bo‘yicha qo‘shma konsepsiyani tayyorlash tashabbusi ilgari surildi. Bu yangi generatsiya quvvatlarini qurish, zamonaviy energiya saqlash tizimlarini rivojlantirish va yangi energetika yo‘laklarini yaratish bo‘yicha ishlarni yaxshiroq muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Suv resurslari va iqlim o‘zgarishi ham birgalikda yechim topishni talab qiladigan yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatildi. Zamonaviy raqamli monitoring tizimlarini joriy etish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejovchi texnologiyalardan keng foydalanish zarurligi taʼkidlandi.

Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligini eʼlon qilishga doir umumiy tashabbusni to‘liq ro‘yobga chiqarishga chaqirildi.

Kelgusi yili O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qilishini inobatga olib, jamg‘arma faoliyati samaradorligini oshirish, yangi ekologik loyihalarni ishga tushirish va qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb etish bo‘yicha ustuvor vazifalar taqdim etildi.

Afg‘oniston bilan suv resurslaridan foydalanish masalalari yuzasidan mintaqa barcha mamlakatlarining manfaatlarini hisobga olgan holda doimiy va predmetli muloqotni yo‘lga qo‘yishga alohida eʼtibor qaratildi.

Havoning ifloslanishi mintaqa mamlakatlari shaharlari uchun jiddiy muammolardan biri ekani ta‘kidlandi. Bunga javoban O‘zbekiston ilgari surgan Markaziy Osiyo toza havosi xalqaro konsorsiumi faoliyatini mintaqa mamlakatlaridagi sanoat zonalari, agroklasterlar va transport uzellarini ekologik modernizatsiya qilish bo‘yicha pilot dasturdan boshlash taklif etildi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilayotgan Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyansni shakllantirish ishlarini faollashtirish, dastlabki qadamlardan biri sifatida Markaziy Osiyodagi muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish taklif qilindi.

Navbatdagi yirik masalalar majmui texnologik taraqqiyotga bag‘ishlandi.

“Sunʼiy intellekt va katta maʼlumotlar bilan ishlash sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, taʼlim va davlat boshqaruvini allaqachon o‘zgartirmoqda. Iqtisodiyotlarimizning unumdorligi va kelajakda raqobatlasha olishi ko‘p jihatdan shu texnologiyalarga bog‘liq bo‘ladi”, — dedi prezident.

Shu munosabat bilan mintaqa mamlakatlari imkoniyatlarini birlashtirish va o‘zaro bog‘langan milliy maʼlumotlar markazlari tarmog‘iga asoslanadigan umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratishni boshlash taklif etildi.

Odamlar mintaqaning kelajagini belgilovchi eng muhim omil ekani taʼkidlandi.

“Mamlakatlarimiz katta demografik salohiyatga ega. Aholi soni o‘smoqda, yoshlar ko‘paymoqda. O‘n, yigirma, o‘ttiz yildan keyin mintaqa iqtisodiyoti qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan ularning taʼlimi va kasbiy tayyorgarligi sifatiga bog‘liq”, — dedi davlat rahbari.

Kelgusida mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotiga qanday mutaxassislar kerak bo‘lishini tahlil qilish asosida talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqish taklif etildi. Unda bugunning o‘zida mutaxassislar yetishmayotgan va yaqin yillarda talab ortishi kutilayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha prognozlarni jamlash nazarda tutilmoqda.

Shu asosda universitetlar va professional taʼlim muassasalari iqtisodiyotning haqiqiy ehtiyojlarini oldindan hisobga olib, sanoat, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va boshqa tarmoqlardagi yirik loyihalar uchun kadrlar tayyorlay oladi.

Sammitda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon yetakchilari ham so‘zga chiqdi. Davlat rahbarlari uchrashuv yakunlari bo‘yicha Qo‘shma bayonotni qabul qildilar hamda bir qator ko‘p tomonlama tartibga soluvchi hujjatlarga oid qarorni imzoladi.


Spot avvalroq Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Koreya hamkorligi bo‘yicha beshta taklifni ilgari surgani haqida yozgandi.