Samsung 2026-yilning uchinchi choragida $80 mlrd miqdorida rekord operatsion foyda olishini kutmoqda, deb yozdi Reuters.
Qayd etilishicha, bu texnologiya sanoati tarixidagi eng yuqori choraklik foyda ko‘rsatkichi ham bo‘lishi mumkin.
Foydaning asosiy o‘sishi chiplar ishlab chiqaruvchi bo‘linma hisobiga to‘g‘ri kelgan. Sun’iy intellekt sohasi sabab xotira chiplarining tanqisligi kompaniya foydasining qariyb to‘qqiz baravar oshishiga olib keldi, deb qayd etadi agentlik.
TrendForce ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning ikkinchi choragida mobil qurilmalar uchun DRAM xotirasi narxi yillik hisobda 175% ga oshgan.
Tahlilchilar uchinchi chorakda narxlar yana qariyb 20% ga ko‘tarilishini kutmoqda. Samsung esa dunyodagi eng yirik xotira chiplarini yetkazib beruvchilardan biri hisoblanadi.
Shu bilan birga, Samsung’ning mobil qurilmalar ishlab chiqaruvchi bo‘linmasi yaqinda hamkorlaridan butlovchi qismlar yetkazib berishni 20−30% ga qisqartirishni so‘ragan. Bu haqda Janubiy Koreyaning MoneyToday nashri manbalari ma’lum qildi.
Manbalarning fikricha, buning natijasida Samsung smartfonlari ishlab chiqarish hajmi 2026-yilning to‘rtinchi choragida qariyb 30% ga kamayishi mumkin.
Kompaniya yil yakunigacha 270 mln dona qurilma ishlab chiqarishni rejalashtirgan edi, biroq qisqartirishlar hisobiga bu ko‘rsatkich 200 mln donaga tushishi mumkin.
Xotira chiplarining qimmatlashishi sabab Samsung’ning mobil bo‘linmasi smartfonlar savdosidan foyda olmayapti — qurilmalar tannarxiga teng narxda sotilmoqda.
Reuters keltirgan tahlilchilar bahosiga ko‘ra, bo‘linmaning uchinchi chorakdagi zarari $1 mlrd dan oshishi mumkin.
Avvalroq Spot Samsung Galaxy Buds quloqchinlariga eshitish apparati funksiyasini qo‘shayotgani haqida yozgandi.