Samsung Galaxy Buds quloqchinlariga eshitish apparati sifatida foydalanish imkonini beruvchi yangi funksiya joriy etmoqda.

Funksiya mos keluvchi Galaxy Buds qurilmalarini retseptsiz sotiladigan eshitish vositasiga aylantiradi va 18 yoshdan katta, yengil yoki o‘rtacha darajadagi eshitish qobiliyati pasaygan foydalanuvchilarga mo‘ljallangan.

Galaxy Buds atrofdagi tovushlarni mikrofonlar orqali qabul qiladi va ularni foydalanuvchining eshitish ehtiyojlariga mos ravishda kuchaytiradi.

Ayniqsa, shovqinli joylarda suhbatni tushunishni osonlashtirish ko‘zda tutilgan. Ya’ni quloqchin oddiy musiqa tinglash qurilmasidan tashqari, eshitishni yaxshilash vositasi sifatida ham ishlashi mumkin.

Bu Samsung’ning quloqchinlarni sog‘liq bilan bog‘liq funksiyalar bilan kengaytirish yo‘nalishidagi muhim qadami hisoblanadi.

Shu bilan birga, Galaxy Buds4 seriyasida ham atrof-muhit tovushlarini moslashtirish, shovqinni faol kamaytirish va ovozni foydalanuvchi sharoitiga qarab avtomatik sozlash imkoniyatlari mavjud.

Bu funksiya to‘liq tibbiy davolash vositasi o‘rnini bosmaydi. Samsung uni asosan yengil va o‘rtacha darajadagi eshitish qobiliyati pasaygan kattalar uchun qulay yechim sifatida taqdim etmoqda.

Bundan tashqari, Samsung’ning Galaxy Buds4 seriyasida HD Voice texnologiyasi ham mavjud bo‘lib, u fon shovqinini kamaytirib, qo‘ng‘iroqlarda ovozni aniqroq uzatishga yordam beradi.


Avvalroq Spot simsiz quloqchinlar elektromagnit maydonlar sabab salomatlikka zarar yetkazishi mumkinligi haqida yozgandi.

Tadqiqotchi Robert Bekker elektromagnit maydonlar insult va yurak kasalliklari xavfining oshishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi.