Avvalroq prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadini oshirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Mutasaddilarga ikki oyda o‘quv markazi tashkil etib, xorijdan mutaxassislar jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Ushbu markazda hokim yordamchilari “loyihabay” ishlashga o‘qitiladi.
Viloyat shtablari yil yakunida har bir tumandan eng yaxshi ikki nafar hokim yordamchisini Xitoy, Yaponiya va Turkiyaga malaka oshirishga yuboradi.
Eng namunali hokim yordamchilariga alohida malaka darajasi berilib, 50% gacha ustama to‘lanadi.
Mahalla bankirlarini ham shu tartibda o‘qitish va ularning xorijiy stajirovkasini tashkil etish topshirildi.
Bosh prokuraturaga bankirlar va hokim yordamchilarining mustaqil qaror qabul qilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga ko‘maklashish vazifasi belgilandi.
Joylardagi tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalarini yuritish tizimi ham qayta ko‘rib chiqiladi.
Hozir bu masalalar asosan viloyat darajasida hal qilinayotgani ishlarning cho‘zilishiga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Tumanni loyihalarning buyurtmachisiga aylantirish va mablag‘larni bevosita joylarga yo‘naltirish ishlarni tezlashtirishi ta‘kidlandi. Og‘ir mahallalarda ish o‘rni yaratishga qaratilgan mahalliy mablag‘larga respublikadan 2−3 karra ko‘p resurs qo‘shib berish taklif qilindi.
Endi tadbirkorlik infratuzilmasi uchun tumanga beriladigan mablag‘lar hisobidan loyiha ishlab chiqishga tuman shtabi rahbari mas‘ul bo‘ladi.
Tuman shtabiga loyihalash, qurilish va sifat nazoratini xususiy sektorga berishga ruxsat etiladi. Shu bilan birga, shtab rahbari obyektlarni belgilangan muddat va sifat talablari asosida foydalanishga topshirilishi uchun javobgar bo‘ladi.
Spot, avvalroq, ishlaydigan onalarga farzandi bir yoshga to‘lgunigacha nafaqa to‘lanishi haqida yozgandi.