Toshkentning yangi xalqaro aeroporti qurilishi iyun oyida boshlanishi kutilmoqda. Bu haqda 5-may kuni transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishi doirasida Spot muxbiriga bergan intervyusida ma‘lum qildi.
“Qurilishni iyun oyida boshlaymiz. May oyi o‘rtalarigacha [davlat va xususiy sherik o‘rtasida] DXSh to‘g‘risidagi bitimni imzolashimiz kerak. Aslini olganda, biz yakuniy bosqichdamiz. Bitimni imzolaganimizdan so‘ng, hukumat tomonidan qisqacha ko‘rib chiqish bo‘ladi va shundan keyin ruxsatni olib, qurilishni boshlaymiz”, — dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident iyun oyidan Toshkentning yangi aeroporti qurilishini boshlash bo‘yicha aniq topshiriq bergan. Xususiy kompaniyalar konsorsiumi loyihani amalga oshirishga tayyor, deya qo‘shimcha qildi vazir o‘rinbosari.
Choriyev loyihada Irlandiya kompaniyalari hamda boshqa maslahatchilar ham ishtirok etayotganini ta‘kidladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston DXSh loyihasi doirasida kafolatlangan yo‘lovchi oqimi bo‘yicha majburiyat olmaydi.
“Prognozlar bor va hamma ish ular asosida ketmoqda, umuman olganda, bu prognozlar juda yaxshi. Bizda yillik [yo‘lovchi oqimi] o‘sishi qariyb 30% ni tashkil etadi. Hozir biroz kamaygan bo‘lsa-da, bu baribir juda yuqori ko‘rsatkich”, — deya so‘ziga yakun yasadi u.
Mart oyida prezidentga Toshkent yaqinidagi yangi xalqaro aeroport qurilishining borishi to‘g‘risida hisobot berilgan edi. Birinchi bosqichda maydoni 208 ming kvadrat metr bo‘lgan terminal hamda har biri 4 kilometrlik ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi quriladi.
Toshkentning yangi aeroporti
Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Toshkent viloyatidagi yangi xalqaro aeroport loyihasining qurilishiga rasman start berdi va bo‘lajak havo bandargohiga tamal toshi qo‘ydi.
DXSh loyihasining xususiy hamkorlari sifatida Vision Invest (Saudiya Arabistoni), Sojitz (Yaponiya) va Incheon (Janubiy Koreya) tanlangan. Ularning xalqaro konsorsiumdagi ulushlar quyidagicha: Vision Invest — 45%, Sojitz Corporation — 30%, Incheon International Airport Corporation — 15% va Uzbekistan Airports — 10%.
Foydalanishga topshirilgandan so‘ng, aeroport yiliga 20 mln yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk tashish, soatiga 30 tagacha uchish va qo‘nishni amalga oshirish va bir vaqtning o‘zida 62 ta samolyotni joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi majmua Toshkent-Samarqand, Toshkent-Andijon va Toshkent-Bo‘stonliq pulli avtomobil yo‘llari bilan bog‘lanadi. Bu yerda tezyurar poyezdlar uchun temir yo‘l stansiyasi quriladi va Toshkent va Yangi Toshkent o‘rtasida shattllar ishga tushiriladi.
Prezident havo bandargohi poytaxt va Toshkent viloyati o‘rtasidagi chorraha vazifasini bajarishini qayd etdi. Aeroportga 25 daqiqada yetib borish mumkin bo‘ladi. Loyiha O‘zbekiston iqtisodiyotiga yiliga $770 mln daromad keltiradi.
Yangi aeroport uchun ajratilgan hudud xatlovdan o‘tkazilib, aholi ko‘chiriladi. Kadastr agentligi hududdagi mulk qiymati asossiz oshib ketmasligi uchun yangi loyihalar va qurilish ishlari cheklanishini ma’lum qildi.
Spot, avvalroq, Farg‘ona aeroportining yangi terminali soatiga 1200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallanishi haqida yozgandi.