Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun ijtimoiy soliqni to‘lash tartibini o‘zgartirishni taklif qildi. Tashabbus 30-iyul kuni bo‘lib o‘tgan fiskal muloqotda taqdim etildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Tadbirda xizmat ko‘rsatish sohasi korxonalari uchun amalda bo‘lgan ijtimoiy soliq imtiyozi bo‘yicha tahlil natijalari taqdim etildi. Prezidentning tegishli (PQ-104-son, PQ-78-son) qarorlari bilan 8 ta xizmat yo‘nalishi uchun 1% lik ijtimoiy soliq stavkasi 2028-yilgacha uzaytirilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur imtiyozlarning 80% yirik korxonalarning atigi 10% ga to‘g‘ri kelgan. Qolgan 20% imtiyoz esa korxonalarning 90% o‘rtasida taqsimlangan. Shuningdek, 2022−2024-yillarda 26,5 mingta korxona (30%) 30% imtiyozdan foydalangan bo‘lsa, 60,8 mingtasi (70%) undan umuman foydalanmagan.

Institut ta’kidlashicha, imtiyozning asosiy maqsadi bandlikni oshirish va norasmiy bandlikni qisqartirish bo‘lgan. Biroq tahlillar ushbu maqsad to‘liq amalga oshmaganini, chunki imtiyozlarning katta qismi allaqachon rasmiy faoliyat yuritayotgan yirik korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelganini ko‘rsatgan.

ijtimoiy soliq, soliqlar, ytt, o'zini o'zi band qilgan shaxslar, imtiyozlar, bandlik

Bundan tashqari, taqdimotda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlarni soliqqa tortishning yagona tartibini joriy etish taklif qilindi.

Hozirda YTTlar oyiga 1 BHM (Amalda 412 ming so‘m, 1-sentabrdan 440 ming so‘m) yoki yiliga 4,94 mln so‘m (sentabrdan — 5,28 mln so‘m) miqdorida majburiy ijtimoiy soliq to‘laydi. O‘zini o‘zi band qilganlar esa ish staji uchun yiliga 1 BHM (440 ming so‘m) miqdorida ixtiyoriy to‘lovni amalga oshiradi. Natijada ikki toifa o‘rtasidagi yillik soliq yuklamasi 12 barobar farq qiladi.

Institut xalqaro tajribada o‘zini o‘zi band qilganlar uchun odatda yagona yondashuv qo‘llanilishi, ijtimoiy badallar deklaratsiya qilingan daromad yoki eng kam ish haqiga bog‘lanishini qayd etdi.

Shu bois, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliqni mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining (hozir — 1,271 mln so‘m, sentabrdan — 1,36 mln so‘m) 12%i miqdorida, ya’ni oyiga 163,2 ming so‘m etib belgilash taklif qilinmoqda.

ijtimoiy soliq, soliqlar, ytt, o'zini o'zi band qilgan shaxslar, imtiyozlar, bandlik

Bunda yangi tartibni bosqichma-bosqich joriy etish ko‘zda tutadi. Dastlab oylik to‘lov 50 ming so‘m etib belgilanadi, keyinchalik esa u 163,2 ming so‘mgacha oshiriladi.

Avvalroq Spot o‘zini o‘zi band qilganlar uchun ijtimoiy soliqni majburiy qilish rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.