“StaffVirtual” kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “IT Park” matbuot xizmati xabar berdi.

Texnopark bosh direktori Farhod Ibragimov “StaffVirtual” kompaniyasi bosh direktori Ayk Edvard Stranatan bilan uchrashdi.

Unda tomonlar “StaffVirtual” bilan mahalliy kompaniyalar o‘rtasida IT-sohasida hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qildi.

Kompaniya allaqachon O‘zbekistonda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirgan.

Bu orqali innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqish va xalqaro investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilmoqda. Ofis ochilishi esa IT-sanoatini rivojlantirish va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qilishi qayd etilgan.

StaffVirtual” mijozlarni qo‘llab-quvvatlash, IT va ma’muriy funksiyalar sohalarida autsorsing guruhlarini o‘qitadi. Kompaniyaning AQSh va Filippinda qariyb 1800 nafar xodimi bor va yillik savdosi $250 mlndan oshadi.

Avvalroq Janubiy Koreyaning “WiseStone” kompaniyasi O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.