O‘zbekneftgaz aksiyadorlik jamiyati bosh ofisida AQSHning «Air Products» kompaniyasi ijrochi direktori Gasemi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. bu xususida O‘zbekneftegazning rasmiy sayti xabar beradi.

Seyfi Gasemining ta’kidlashicha, kompaniya yurtimiz bozorida to‘la qonli ishtirokchiga aylanish istagida. Mamlakatimiz iqtisodiyotining neft-gaz, kimyo, farmatsevtika, metallurgiya kabi turli sohalari ehtiyoji uchun sanoat gazini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarga investitsiya kiritishga tayyor.

Tabiiy gazdan polimerlar ishlab chiqarish (MTO) bo‘yicha loyihaga ham qiziqish bildirildi.

Ma’lum bo‘lishicha, «Air Products» kompaniyasi «Macro-Advisory» konsalting kompaniyasini jalb qilgan holda dunyoning istiqbolli davlatlarini aniqlash maqsadida mustaqil audit o‘tkazgan. Unga ko‘ra, yurtimizning barcha soha va jabhalarida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kafolatlash, investorlar va ishbilarmonlar huquqini himoya qilish, moliya va sud sohalaridagi o‘zgarishlar va yana, eng muhimi, korrupsiyaga qarshi kurash mexanizmlarini joriy etish borasida sa’y-harakatlar O‘zbekiston nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda investitsiya kiritish bo‘yicha eng istiqbolli davlatlardan biri deb topilgan.

Muzokara yakunida tomonlar qo‘shma ishchi guruh tuzish va ikki oy muddatda neft-gaz, kimyo va metallurgiya sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish borasida aniq takliflar ishlab chiqishga kelishib oldi.

«Air Products» gaz ishlab chiqarish bo‘icha jahonda o‘z nufuziga ega bo‘lgan kompaniya hisoblanib uning faoliyat yuritayotganiga 75 yildan oshdi. U o‘zining 50 mamlakatda 15 ming nafarga yaqin xodimiga ega. Kompaniya turli tarmoqlar asosida faoliyat ko‘rsatishga ixtisoslashgan.