Davlat byudjeti va maqsadli jamg‘armalarining yarim yillik yakunlari ko‘rib chiqildi, deb yozadi O‘zA.
Ma’lumotga ko‘ra, Parlament quyi palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2018 yil birinchi yarim yillik yakunlari bo‘yicha ijrosi to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47,7% ga o‘sib, belgilangan reja ortig‘i bilan bajarildi, byudjet daromadlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 21,7% ni tashkil qildi.
“Hisobot davrida mamlakatimizda xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish, xususan, zamonaviy xizmat turlarini kengaytirish, turizm salohiyatini oshirish, kichik biznes sub’ektlari salmog‘ining ortishi hisobiga mikrofirma va kichik korxonalardan Davlat byudjetiga tushumlar miqdori 1 trillion 109 milliard so‘mni tashkil qilib, 2017 yilning ushbu davriga nisbatan 39,7% o‘sgan”, — deydi O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Nilufar Saidaxmedova.
2018 yilning birinchi yarim yilligi davomida ko‘chmas mulk ob’ektlarini va yer maydonlarini yalpi xatlovdan o‘tkazish natijasida soliq bazasi kengayib, resurs to‘lovlari va mulk solig‘i bo‘yicha Davlat byudjetiga 5 trilliondan ortiq mablag‘ undirilishiga erishildi.
Shu bilan birga, o‘tgan davrda Davlat byudjeti mablag‘larining maqsadli ishlatilishida va ularning samaradorligini ta’minlashda hamon xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rish mumkin. Bu borada o‘tkazilgan davlat moliyaviy nazorat tadbirlari natijasida 2 ming 275 ta byudjet tashkilotlarining 1 ming 887 tasida moliyaviy xatoliklar, pul mablag‘lari va moddiy boyliklarning kamomadi, o‘zlashtirishlar va noqonuniy xarajatlar aniqlandi.
Xabarga ko‘ra, yig‘ilishda 2018 yilning birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti tasdiqlangan parametrlarga muvofiq amalga oshirilib, 144,3 milliard so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,1% miqdorida profitsit bilan ijro etilishi ta’minlanganligi qayd etildi.