O‘zbekiston Misr bozorida talab yuqori bo‘lgan elektrotexnika, mashinasozlik, metallurgiya, kimyo va neft-kimyo, yengil sanoat, oziq-ovqat, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlarni eksport qilishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, Misr O‘zbekistonga dori-darmon, tibbiyot jihozlari, mebellar, neft-kimyo mahsulotlari, marmar, teri va plastik mahsulotlari yetkazib berish hamda xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini taklif qildi.
Bu boradagi loyihalar va ularni amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilish uchun Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya ishini faollashtirish, O‘zbekiston — Misr ishbilarmonlar kengashini tashkil etishga kelishib olindi. Eksport qilishda transport xarajatlarini kamaytirish choralarini ko‘rish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.