“Namangan” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident farmoni qabul qilindi, deb Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, farmonga muvofiq Namangan viloyati Chust tumanida “Namangan” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi.
“Namangan” EIZning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishni tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish;
- meva-sabzavot va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash;
- to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, mashinasozlik va avtomobilsozlik sohasida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish.
“Namangan” EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati u tashkil etilgan kundan boshlab, mazkur muddatni keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi.
“Namangan” EIZ bilan bog‘liq barcha tashkiliy ishlar 2019 yil 10 yanvarga qadar yakunlanishi lozim.
Bundan tashqari Farmon bilan “Namangan” EIZning transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish dasturi tasdiqlangan bo‘lib, mazkur dasturni amalga oshirish uchun 11 mlrd 570 mln so‘mdan ziyod mablag‘ sarflanadi.