“Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘i O‘zbekistonlik foydalanuvchilar uchun yangi imkoniyatni yaratmoqda: endi ijtimoiy tarmoqdagi profilingizdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri UzCard plastik kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshirish mumkin. Bu haqda kompaniya Spot’ga ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, xizmatning asosiy afzalliklari — pul mablag‘larini qo‘shimcha yoki umuman boshqa ilovalardan foydalanmagan holda o‘tkazish, bozordagi eng kam komissiya haqi va pul operatsiyasi uchun bank tomonidan yechib olinadigan mablag‘larning bir qismining qaytarilib berilishi.

Yangi mahalliy to‘lov xizmati yordamida O‘zbekistonliklar ijtimoiy tarmoqni tark etmasdan turib, mamlakat ichida pul mablag‘larini qulay va tezkor ravishda jo‘natishlari mumkin.

Pul o‘tkazish xizmati viloyatdan qat’iy nazar va ijtimoiy tarmoqning taqdim etilgan barcha versiyalarida (mobil, desktop, Android va iOS uchun ilovalar) mavjud.

Shuningdek, xizmatda pul o‘tkazmalari tarixini ko‘zdan kechirish imkoniyati mavjud bo‘lib, kartalar raqamlarini saqlab qo‘yish (har safar yangidan kiritmaslik uchun), hamda bajarilayotgan operatsiyalarning holati to‘g‘risida ma’lumotlar beriladi.

“Bundan tashqari OK foydalanuvchilari bank tomonidan pul o‘tkazmasi uchun olingan haqlarning bir qismini qaytarib olish imkoniyatiga egadirlar. Masalan, 1% lik komissiya haqi uchun keshbek 0,1% ni tashkil etib, bonus “Keshbek-karta"siga o‘tkaziladi. Yig‘ilgan pul mablag‘lari 5000 so‘mdan oshgan vaqtda foydalanuvchi yig‘ilgan pullarni “Keshbek-karta"sidan o‘tkazishi mumkin”, deya xabar berdi kompaniya.

OK profil orqali pul mablag‘larni kartadan kartaga o‘tkazish

UzCard kartalari o‘rtasida pul o‘tkazish uchun To‘lovlar va obunalar bo‘limiga kirish lozim bo‘ladi, UzCard Pul o‘tkazmalari xizmatiga o‘tib quyidagilarni kiritish zarur:

  • o’z kartangiz rekvizitlari — kartaning old tomonidagi 16 raqamli karta raqami, amal qilish muddati (oy va yil);
  • oluvchining karta raqami;
  • pul o‘tkazmasi summasi.

Kompaniyada ta’kidlanishicha, OK platformasida UzCard kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari — O‘zbekistondagi “Odnoklassniki” ijtimoiy tarmog‘idagi to‘lov xizmatlarining rivojlanishiga qo‘yilgan ilk qadam. Kelgusi davrda OK tomonidan yana bir necha xizmatlarning ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda, bular o‘z navbatida O‘zbekistonliklarga qulay va tezkor holda pul mablag‘larini o‘tkazish va to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatini tug‘diradi.

“Odnoklassniki” 2016 yildan boshlab o‘z foydalanuvchilari uchun ijtimoiy tarmoq ichida ketma-ket ravishda moliyaviy xizmatlarni rivojlantirib kelmoqda. 2017 yilda Qozog‘istonda pul o‘tkazmalari xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yildi, hamda Rossiyadan boshqa davlatlarga pul o‘tkazmalarini jo‘natish ishga tushirilib, ilk marotaba chet el bozoriga chiqish amalga oshirildi.