Markaziy bank Boshqaruvi qayta moliyalash stavkasini 2018 yilning 25 sentyabridan 2 foiz bandga oshirib, yillik 16 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bundan bank ramiy saytidagi ma’lumotlar dalolat beradi.

Mazkur qaror so‘nggi oylarda yuzaga kelgan tashqi iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda qabul qilinib, inflyatsion kutilmalarning oshishi, ma’muriy tartibga solinadigan narxlarning o‘sishi va valyuta almashuv kursi o‘zgarishining ichki narxlarga ta’siri kuchayayotgan sharoitlarda inflyatsion bosimni pasaytirishga yo‘naltirilgan.

Ta’kidlanishicha, yYillik inflyatsiya sur’atlarining sekinlashib borishiga qaramasdan, inflyatsion xatarlarning kuchayishi hisobiga kelgusida ushbu dinamikaning o‘sish tomonga o‘zgarishi ehtimoli keskin oshdi. Pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi mazkur xatarlarni hamda inflyatsion kutilmalarni pasayishiga xizmat qiladi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

Yillik inflyatsiya darajasi 2018 yilning avgust oyida ham dastlabki prognoz ko‘rsatkichlari doirasida pasayishda davom etib, 15,7%ni tashkil etdi. Mazkur dinamika meva-sabzavotlar narxlarining mavsumiy arzonlashishi hamda 2017 yildagi pul massasi oshishi va milliy valyuta devalvatsiyasining inflyatsiya darajasiga ta’sirini kamayib borishi bilan izohlanadi.

Markaziy bank tomonidan 2018 yilning boshida iqtisodiy rivojlanishning bazaviy ssenariysiga muvofiq yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasini 11,5−13,5% oralig‘ida bo‘lishi prognoz qilinib, ushbu prognoz quyidagilarga asoslangan edi:

  • asosiy savdo hamkor davlatlarda makroiqtisodiy barqarorlikning yanada mustahkamlanishi bilan mamlakatimiz uchun qulay tashqi iqtisodiy sharoitlarning saqlanib qolinishi;
  • ma’muriy tartibga solinadigan narx va tariflarning bir maromda oshirilishi;
  • umumlashtirilgan davlat byudjetining muvozanatli ijrosi ta’minlanishi;
  • iqtisodiyotni kreditlash hajmlarining mo‘tadil sur’atlarda o‘sishi.

Ammo, bugungi kunda yuzaga kelgan holat monetar siyosatning 2018 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari va keyingi pul-kredit siyosati sharhlarida qayd etilgan inflyatsion xatarlarning kuchayayotganligini ko‘rsatmoqda. Inflyatsion xatarlarning kuchayishi quyidagi omillar bilan izohlanadi.

Iqtisodiy faollikning ichki va tashqi sharoitlari

Markaziy bankning dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yil yakuni bo‘yicha iqtisodiyotning o‘sish sur’ati 5,0−5,2 foiz oralig‘ida bo‘ladi. Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari bo‘yicha belgilangan tarkibiy islohotlar va davlat korxonalarining bosqichma-bosqich barqaror daromadlilik ko‘rsatkichlariga chiqishi 2019 va undan keyingi yillarda YAIM real o‘sishi sur’atlarining oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Asosiy kapitalga yo‘naltirilgan investitsiyalar, shu jumladan, hukumatning investitsion xarakterdagi xarajatlarining yuqori o‘sish sur’atlari hamda iste’mol talabining oshishi tashqi omillarning iqtisodiy o‘sishga salbiy ta’sirini yumshatish imkonini beradi.

Xususan, qurilish ishlari, ayniqsa uy-joy qurilishi hajmlarining ortishi va infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha loyihalarning amalga oshirilishi ushbu tarmoqlar va ularga tutash sohalarda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, asosiy savdo hamkor mamlakatlardagi iqtisodiy va moliyaviy barqarorlik o‘rta muddatli istiqbolda milliy iqtisodiyotimiz rivojlanishining muhim sharti hisoblanadi.

2018 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha to‘lov balansi joriy operatsiyalar hisobvarag‘i qoldig‘i -1,1 mlrd. $ni tashkil etdi. Bu asosan uskunalar, texnologik liniyalar, xomashyo va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan boshqa tovarlar importining yuqori sur’atlarda o‘sishi bilan izohlanadi.

Mazkur investitsion talab asosan xorijiy kredit liniyalari va banklarning xorijiy valyutadagi kreditlari hisobiga qoplanmoqda.

Markaziy bankning hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘rta muddatli istiqbolda to‘lov balansidagi tarkibiy o‘zgarishlar, yuqori sur’atlarda o‘sayotgan investitsiyalarni moliyalashtirishda tashqi resurslar ulushining oshib borishi bilan birga iqtisodiyotning yangi sharoitlarga moslashuvini o‘zida ifoda etadi.

Pul-kredit sharoitlari

2018 yilning II choragida valyuta tushumlarining ortishi monetar oltinni sotib olish natijasida vujudga kelgan qo‘shimcha likvidlikni o‘z vaqtida sterilizatsiya qilish borasidagi Markaziy bank imkoniyatlarini qisman chekladi.

Shu bilan bir qatorda, 2018 yilning avgust va sentyabr oylarida byudjet va byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘larining ishlatilishini ma’lum darajada ko‘payishi kuzatilmoqda. Bu ham, o‘z navbatida bank tizimidagi likvidlikning qo‘shimcha oshishiga olib kelmoqda.

Natijada, banklar likvidliligini ma’lum darajada oshishi kuzatilib, ushbu holat banklararo pul bozoridagi (iyundagi 13,1% va iyuldagi 12,8%dan avgustdagi 10,6%gacha) va depozitlar bo‘yicha foiz stavkalarining pasayishida o‘z aksini topdi.