O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining yangilangan rasmiy veb-sayti ishga tushirildi. Unda fuqarolar va yuridik shaxslar uchun yangi interaktiv xizmatlar joriy etilgan. Eng muhimi, sayt orqali sud majlislarining onlayn-translyatsiyasi joriy etildi, deb yozadi Oliy sud matbuot xizmati.

Sud majlislarining onlayn-translyatsiyasi bu — real vaqt rejimida Oliy sudning veb-sayti orqali sud majlislarini bevosita to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatish imkoniyatidir.

Mazkur tizim sud majlislarining haqiqiy ochiqligini ta’minlash bilan birga fuqarolarning huquqiy ongini oshirish, jinoyatlarning barvaqt oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasiga xizmat qiladi.

Hozirda tizim sinov tariqasida Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlaridagi 12 sudga o‘rnatilgan va ishga tushirilgan.

Joriy yilning oxiriga qadar yana 22 sud, 2019 yilda esa 100 dan ortiq sudlarda onlayn-translyatsiya tizimi joriy etilishi rejalashtirilgan.

www.sud.uz, www.oliysud.uz va www.supcourt.uz saytlar zamonaviy texnologiyalarning so‘ngi yutuq va imkoniyatlaridan keng foydalanilgan holda ishlab chiqildi. Foydalanuvchilar sayt orqali jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha, ma’muriy va iqtisodiy sudlar haqida ma’lumotlarni oson topishi mumkin. Barcha ma’lumotlar o‘zbek va rus tillarida beriladi.

Saytdan sud tizimi, hal etiladigan nizolar, sudlar faoliyatiga doir statistik ma’lumotlar, sudlarga murojaat qilish tartibi, murojaat qilinganda undiriladigan davlat boji stavkalari va rekvizitlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham o‘rin olgan.

Tadbir davomida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning interaktiv xizmatlari taqdimotiga ham o‘rin berildi. E-SUD milliy elektron sudlov axborot tizimi orqali fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga elektron murojaat qilish bilan birga, sud majlislarining jadvali, sud majlisining kuni va vaqti haqida elektron xabardor bo‘lish, barcha sud qarorlari bilan tanishish imkoniyati yaratildi.

Saytdan o‘rin olgan “Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga murojaat qilish namunalari” dunyoning hech bir sud tizimida mavjud emas. Ayni paytda saytga fuqarolik ishlari bo‘yicha da’vo arizalari, iltimosnoma va arizalar, shuningdek, shikoyatlarning o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillarida jami 500 ga yaqin namunalari joylashtirilgan.

“Endilikda iqtisodiy sudlarga elektron murojaatlar yuborish, sud hujjatlarini elektron olish bilan birga mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha iqtisodiy sudlarning sud majlislari jadvali bilan tanishish, davlat bojlari miqdorini elektron hisoblash, sudlarga murojaat qilishda o‘zbek, rus va qoraqalpoq tillaridagi da’vo arizalarning namunalaridan foydalanish mumkin”, deyiladi xabarda.

Markazlashtirilgan elektron ma’lumotlar bazasi yaratildi. Tizim orqali ijro varaqalari elektron shaklda yuboriladi va sud ishlari sudyalar o‘rtasida avtomatik tarzda taqsimlanadi.