IIV Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasidan olingan xabarga ko‘ra, shu yilning 3 oktyabr kuni fuqaro A.S. Ichki ishlar vazirligiga ariza bilan murojaat qiladi, xabar beradi O’zA.
Unda o‘zini Toshkent viloyati moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari deb tanishtirgan shaxs unga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Bo‘stonliq tumanidagi turizm maqsadida ajratilgan zahira yerlardan 3 gektar yer maydoni olib berishga va’da qilib, evaziga oldindan 5 ming dollar miqdoridagi pullarni berishini talab qilayotganligini ma’lum qildi. Bu haqda IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu kuni vazirlikning tezkor xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbir davomida, Toshkent viloyati moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlovchi J.N. Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent ko‘chasida ariza muallifidan 5 ming dollar miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlandi.
Ushbu holat yuzasidan IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.