“Tracker” avtomobilini yirik uzelli yig‘ishni o‘zlashtirish jarayoni muvaffaqiyatli o‘tmoqda, deb yozadi “GM Uzbekistan” matbuot xizmati.

Xabarga ko’ra, “GM Uzbekistan” AJ modellar qatorini yangilash borasidagi global strategiyasiga muvofiq, “GM Uzbekistan” AJ “GM Korea” bilan hamkorlikda kompaniyaning Toshkent shahridagi filialida “Tracker” modelini yirik uzelli yig‘ish ishlarini olib bormoqda.

“Ushbu modelni ishlab chiqarishni amalga oshirish, shuningdek Toshkent shahridagi „GM Uzbekistan“ filialiga uskuna va butlovchi qismlarni yetkazib berish uchun „GM Uzbekistan“ va „GM Korea“ o‘rtasida bir qator shartnomalar imzolangan”, deyiladi xabarda.

Sinov ishlab chiqarish doirasida ayni damda 28 dona “Tracker” avtomobili yig‘ildi.

Ta’kidlanishicha, “Tracker” avtomobilini dastlabki yirik uzelli yig‘ish muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ommaviy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi sanasi, shuningdek avtomobil xususiyatlari va narxlari haqida batafsil ma’lumot barcha ishlab chiqarish jarayoni yo‘lga qo‘yilgandan so‘ng beriladi.