Xalq ta’limi vazirligi va “Dnevnik.ru” kompaniyasi umumta’lim maktablarida elektron jurnallar va kundaliklarni joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshiradilar. Bu haqda Vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko’ra, “Kundalik” loyihasi O‘zbekistondagi maktablarda fanlarni o‘zlashtirish darajasi va davomatni qayd etish tizimini joriy etishga qaratilgan.

Loyiha raqamli ta’lim platformasi Rossiya maktablarida joriy etilgan “Dnevnik.ru” axborot tizimi asosida ishlab chiqiladi.

“Tizim onlayn tarzda o‘qituvchilarni darslarini rejalashtirish, dars jadvallarini tuzish, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasi va davomatini elektron jurnal va kundaliklarda qayd etib borish, shuningdek, ta’lim boshqaruv organlari va muassasalarga statistik hisobotlarni shakllantirish uchun xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, “Kundalik” tizimi o‘quvchilar va ularning ota-onalariga 24 soat davomida baholar va uy vazifalari haqidagi ma’lumotlarni kuzatib borish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular himoyalangan ijtimoiy tarmoq orqali muloqot qilishlari hamda onlayn kutubxona va ta’limga oid media resurslardan foydalanishlari mumkin.

“Xalq ta’limi vazirligining asosiy vazifalaridan biri o‘qituvchilar ishi uchun qulay sharoit yaratishdir. Zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan holda biz maktablarda qog‘oz hisobotlarni kamaytirish va o‘qituvchilarga bu bilan bog‘liq yukni sezilarli darajada kamaytirishni maqsad qilganmiz”, — deydi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Sarvar Babaxodjayev.

“Dnevnik.ru” MCHJ bosh direktori Gavriil Levi ta’kidlashicha, “Kundalik” loyihasi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda muhim omillardan biri bo‘lishiga umid bildirilmoqda.

Uning so’zlariga ko’ra, hamkorlik O‘zbekistondagi ta’limni rivojlantirishga va o‘z mamlakatining kelajagiga katta hissa qo‘shadigan yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga yordam beradi.