Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Avstriyaning Vena tibbiyot Instituti hamkorligida joriy yilning 22 oktyabr kuni Toshkent shahrida 2 ta eng so‘nggi avlod VPPS 2010 ekologik gulchangi qopqonlari o‘rnatilgani munosabati bilan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deb yozadi Vazirlik matbuot xizmati.

“Endi poytaxtimiz aholisida mavsumiy allergiyalarni nazoratga olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bunda hozircha poytaxtimizning ikki nuqtasiga o‘rnatilgan gulchangi monitoringi stansiyalari yordam beradi”, deyiladi xabarda.

Gulchangi monitoringi allergiya mavsumining boshlanishini oldindan aytib beradi, bu esa o‘z navbatida kasallik rivojlanishining alomatlari keskinlashishining oldini olish imkonini yaratadi.

Gulchangi qopqonlarida yig‘ilgan changlar laboratoriya sharoitida kuchli mikroskoplar orqali tekshiriladi va tekshiruv natijalari o‘pkamizga tushishi mumkin bo‘lgan changlar haqida to‘liq tasavvur beradi.

Tahlillar natijalari 2019 yildan boshlab, Innovatsion rivojlanish vazirligining rasmiy saytida e’lon qilib boriladi.

Ta’kidlanishicha, gulchangi qopqonlari yordamida olingan ma’lumotlar orqali shifokorlar mavjud allergenlar doirasini toraytirishi mumkin, bu esa o‘z navbatida tekshiruvlarga kamroq vaqt va mablag‘ sarflanishiga, tez va aniq tashxis qo‘yilishiga olib keladi.