O‘zbekistonda kosmik faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. QHTBT portalida Prezident va Hukumat qarorlari loyihalari muhokama qilinmoqda. Bu haqda Norma xabar berdi.

“O‘zbekkosmos” agentligini tashkil etish rejalashtirilmoqda

Ushbu idora Vazirlar Mahkamasi huzurida faoliyat yuritib, quyidagilar bilan shug‘ullanadi:

  • kosmik faoliyat sohasidagi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar tayyorlash;
  • mamlakatimizda kosmik sohani rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;
  • kosmik soha infratuzilmasi, kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar, ilmiy-tadqiqot, tajriba-konstruktorlik va
  • innovatsion ishlarni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni tayyorlash va amalga oshirish;
  • kadrlarni, shu jumladan yetakchi xorijiy institutlarda tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tashkil etish;
  • kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida xalqaro hamkorlik qilish;
  • manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda kosmik sohaga xorijiy investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik shartlarida jalb etish maqsadida xalqaro moliya institutlari, donor mamlakatlar, kompaniyalar va banklar bilan hamkorlikni rivojlantirish;
  • kosmik va yo‘ldosh texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish uchun mahalliy tijorat tuzilmalari, ishlab chiqaruvchilar va moliyaviy mablag‘lar keng jalb etilishini ta’minlash;
  • kosmik faoliyatning ayrim yo‘nalishlari tijoratlashtirilishini rag‘batlantirish.

“O‘zbekkosmos” agentligining ilmiy-texnik va ekspert kengashini tashkil etish taklif qilinmoqda. Uning xulosalari asosida kosmik sohani rivojlantirishga oid strategik masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilinadi.

“Kosmik faoliyat to‘g‘risida"gi Qonunni qabul qilish rejalashtirilmoqda

Shuningdek 2019−2029 yillarda kosmik sohani rivojlantirish konsepsiyasi va dasturi qabul qilinishi mo‘ljallanmoqda, ularda quyidagilarga e’tibor beriladi:

  • O‘zbekistonda kosmik sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirishga kompleks yondashuv va unga doir strategik vazifalar;
  • sanoat va ekologik xavfsizligi yuqori darajada bo‘lishini ta’minlovchi zamonaviy ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda kosmik soha va tegishli infratuzilma ob’ektlarini qurish;
  • mahalliy va xorijiy oliy ta’lim muassasalari, o‘quv markazlarida mutaxassislarni tayyorlash.

Toshkent davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Amaliy kosmiy texnologiyalar” kafedralari tashkil etiladi. Bundan tashqari, Rossiya, Yevropa va Janubi-Sharqiy Osiyodagi yetakchi oliy ta’lim muassasalarida soha uchun kadrlarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Loyihalar rad etilishi, o‘zgartirilishi yoki ularga qo‘shimcha kiritilishi mumkin.