Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq “O‘zbekiston Respublikasida yo‘l harakati qoidalari buzilishini foto-video fiksatsiya qilishning avtomatlashtirilgan tizimi” amalga oshirilishi belgilandi.

Ushbu loyiha “ATLAS International” (Germaniya) kompaniyalari bilan hamkorlikda 2018−2019 yillarda dastlab Andijon, Namangan, Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida amalga oshiriladi.

Loyihani amalga oshirish uchun jami 300 mln. yevro to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etiladi.

Avtomatlashtirilgan tizim yordamida aniqlangan yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun undiriladigan jarima summasi quyidagicha taqsimlanadi:

  • 20% — Davlat byudjetiga;
  • 20% — yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish uchun mahalliy byudjetga;
  • 25% — Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasiga;
  • 10% — Axborot xavfsizligi va jamoat tartibini ta’minlashga ko‘maklashish markazi hisobiga;
  • 25% — investitsiyaviy xarajatlarning hajmi qoplanguniga qadar Investor hisobiga. Investitsiyaviy xarajatlar to‘liq qoplanganidan so‘ng ushbu summa Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.