Qashqadaryoda achchiq qalampir eksportga chiqarilmoqda, deb yozadi Davlat bojxona qo’mitasi matbuot xizmati.

O‘tgan davr davomida vohada yetishtirilgan qovun-tarvuz, limon, uzum, olma mahsulotlari mavsumiy eksportga jo‘natilgan bo‘lsa, hozirda achchiq qalampir eksporti amalga oshirilmoqda.

“Joriy yilning sentyabr-oktyabr oyida qiymati qariyb 184 ming $ lik yangi uzilgan hamda quritilgan achchiq qalampir mahsulotlari eksporti bojxona rejimiga rasmiylashtirildi”, — deydi “Nasaf” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshlig‘i G‘ani Bozorov.

Uning so’zlariga ko’ra, mahsulotlar “Big Agro Legumes” MCHJ tomonidan Rossiya va Arab mamlakatlariga jo‘natilmoqda. Eksportyorlarga qulayliklar yaratish hamda viloyat eksport salohiyatini yanada oshirish maqsadida, bojxona rasmiylashtiruvlari kunu-tun amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgan.

2018 yilning o‘tgan davri mobaynida viloyat bojxona boshqarmasi tasarrufidagi tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postlari tomonidan qiymati qariyb 4 million $ lik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.