Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi hodimlari tomonidan respublikamiz bojxona chegaralari orqali naqd xorijiy valyutalarning noqonuniy olib chiqilishiga doir navbatdagi qonunbuzarlik holatlari fosh qilindi.

“G‘ishtko‘prik” chegara bojxona posti orqali respublikamizdan chiqib ketayotgan G. M. bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, kurtkasining chap cho‘ntagida 7 ming hamda o‘ng cho‘ntagida 10 ming — jami 17 ming turkman manatini yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmasdan, yashirgan holda qo‘shni davlatga yo‘l olgani ma’lum bo‘ldi.

Aynan shu postda fuqaro A.N. ham to‘xtatilib tegishli tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganda, ushbu shaxs ham kurtkasining ikki cho‘ntagida jami 17 ming turkman manatini bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatmagan xolda qo‘shni davlatga olib chiqib ketmoqchi bo‘lganligi aniqlandi.

“Navoiy” chegara bojxona posti orqali qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro A.Sh. bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, o‘ziga tegishli bo‘lmagan 5000 $ ni ma’lum haq evaziga qo‘shni davlatga olib chiqib bermoqchi bo‘lganligi fosh bo‘ldi.

Shu kunning o‘zida, bojxona nazoratidan o‘tkazilgan fuqaro D.B. ham 5000 $ni yashirincha olib chiqib bermoqchi bo‘lgan vaqtda to‘xtatib qolindi.